Toshkent shahridagi ekologiyaga zarar keltirayotgan korxonalar ko‘chiriladi. Bu haqda prezident raisligida 11-sentyabr kuni Toshkent viloyatida islohotlar natijadorligi va yangi rejalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda taʼkidlandi.

Toshkent viloyatida oxirgi 8 yilda $10 mlrd hududiy, $8 mlrd tarmoq investitsiyalari kiritilgan, 10 mingga yaqin sanoat, savdo va servis korxonalari ishga tushgan.

So‘nggi 3 yilda yillik aylanmasi 10 mlrd so‘mdan ko‘p bo‘lgan korxonalar soni 1,8 baravar oshib, 1,7 mingga yetgan. Yana aylanmasi 100 mlrd so‘mdan yuqori korxonalar esa 137 tadan 193 taga ko‘paygan. Natijada oldingi yillarda yillik o‘rtacha eksport $1 mlrdga ham yetmagan bo‘lsa, shu yilning 8 oyida bu raqamdan oshgan.

Viloyatda xitoylik investorlar tomonidan $2,1 mlrdlik yirik sanoat parklari tashkil etilmoqda. Shuningdek, viloyatni 2025−2027-yillarda jadal rivojlantirish bo‘yicha prezident qarorlari qabul qilinib, ular ijrosi uchun 40 trln so‘mdan ziyod mablag‘lar yo‘naltirilgan.

Yil yakuniga qadar viloyatda ishsizlik va kambag‘allik darajasini 4,5% ga tushirishning aniq hisob-kitobi qilingan. Bunday natijalarni oshirish maqsadida Toshkent viloyatida ham “Islohotlar shtabi” tuzildi. Yig‘ilishda shtab tomonidan tayyorlangan reja va loyihalar taqdimot qilindi.

Prezident tomonidan loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashish, ayrim masalalarni zudlik bilan yechish bo‘yicha masʼul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi. Jumladan, Nurafshon, Olmaliq va Chirchiq shaharlarida xorijiy investitsiya ishtirokida sanoat korxonalarini tashkil etish uchun 2 ta nimstansiya qurish ko‘zda tutilmoqda.

Bekobod shahrida import o‘rnini bosuvchi avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish, Oqqo‘rg‘on tumanida oziq-ovqat va to‘qimachilik korxonalarini ochish, Ohangaron, Angren va O‘rta Chirchiq hududidan oqib o‘tuvchi Qorasuv kanali bo‘yida turizm va savdo maskanlarini tashkil etish imkoniyati bor.

Viloyatda $2,5 mlrdlik investitsiyaviy loyihalar ishlab chiqilgan. Natijada 11 mingdan ziyod aholi bandligi taʼminlanib, $434 mlnlik eksport quvvati yaratiladi. Prezident loyihalar bilan atroflicha tanishib, qo‘shimcha imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tdi.

“Toshkent viloyati sanoatda ham, qishloq xo‘jaligida ham eng katta salohiyatga ega hudud. Asosiysi, viloyat yurtimizdagi eng yirik isteʼmol va xizmatlar bozorini, yaʼni poytaxtimizni har tomondan o‘rab turadi. Bu ham juda katta imkoniyat. Uni to‘liq ishga solib, investitsiya, eksport va ish o‘rni ko‘rsatkichlarini karrasiga oshirsa bo‘ladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda Toshkent shahri va tumanlari hokimlari ham qatnashdi. Toshkent viloyatidagi bo‘sh yerlar Toshkent invest kompaniyasi va shaharning sanoat zonalari direksiyasiga ajratilib, ekologiyaga zarar keltirayotgan korxonalar ko‘chirilishi aytildi.

Toshkent viloyatining barcha hududlarini poytaxt bilan tezkor elektr poyezdlar orqali bog‘lash vazifasi belgilandi. Bu orqali u yerlarda ham yangi uy-joylar, infratuzilma va xizmatlarga talab oshadi, odamlar poytaxtga qatnab ishlashi mumkin bo‘ladi.

Viloyatdagi 263 ta mahalla biror mahsulot yetishtirish, sanoat yoki xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashmagan. Shu bois, ularda bog‘dorchilik, limon, uzum, malina, brokkoli va ko‘chat yetishtirishni rivojlantirish mo‘ljallanmoqda.

Bu mahallalarga Agrostar kompaniyasini bog‘lab, urug‘, ko‘chat va kafolatli xarid bo‘yicha odamlarga yordamlashish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Toshkent viloyatidagi yer va suvdan foydalanib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ko‘paytirish bilan birga ularni qayta ishlab, eksportini oshirish vazifasi qo‘yildi. Barcha imkoniyatlarni yuzaga chiqarib, mahallalarni ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish zarurligi taʼkidlandi.

Avvalroq Buxoroda $1,7 mlrdlik loyihalarni ishga tushirish orqali 32 ming ish o‘rni yaratish reja qilinayotgani haqida xabar berilgandi.