Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Mahalla yettiligi” va taʼlim muassasalari hamkorlik qiladi. Bu haqda prezidentning tegishli farmonida belgilab qo‘yildi.

Farmon bilan, mahallalardagi yoshlar yetakchilarining asosiy vazifalari belgilandi. Xususan, ular yoshlarning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirishi va jamiyat uchun foydali loyihalarni mahalla darajasida bajarishi lozim.

Shuningdek, ular yoshlarning iqtidorini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etadi, “Besh tashabbus olimpiadasi"ni yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qiladi.

Mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlarning tadbirkorlik ko‘nikmalarini kuchaytirish orqali bandligiga ko‘maklashadi. “Yoshlar daftari"ga kiritilgan yoshlarga ko‘rsatiladigan yordamning ijtimoiy hamkorlik tamoyiliga asoslanishini taʼminlaydi.

Ushbu asosiy vazifalarga bog‘liq bo‘lmagan boshqa vazifa va topshiriqlarni yoshlar yetakchilari zimmasiga yuklash taqiqlanadi.

Farmonga ko‘ra, “Mahalla yettiligi” va taʼlim muassasalari o‘rtasida yoshlar, jumladan, umumtaʼlim maktablarining bitiruvchi sinf o‘quvchilarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlik qilish tizimi joriy etiladi.

Maktablarning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari har oy sinf rahbari va maktab psixologi bilan xulq-atvorida murakkabliklar kuzatilgan o‘quvchilar o‘rtasida xorijiy tillar, kasblarni o‘rganish hamda mehnat faoliyatiga qiziqish bildirganlarini aniqlaydi.

Ushbu o‘quvchilarning ro‘yxati shakllantirilib, yoshlar yetakchisi va mahalla raisiga taqdim etiladi. Yoshlar yetakchilari mahalla hududidagi murabbiylar, kasb egalari va tadbirkorlar bilan hamkorlikda o‘quvchilar uchun ustozlik tizimini yo‘lga qo‘yadi.

Mahalla raislari yoshlarning fanlarni o‘rganishi, axborot texnologiyalarini o‘zlashtirishi, kitobxonlik, sport bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha tashabbuslar ishlab chiqadi.

2026-yil 1-fevralgacha “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalari negizida “Yoshlar yagona elektron platformasi” axborot tizimi yaratiladi.

Tizim quyidagi imkoniyatlarga ega bo‘ladi:

  • yoshlarning demografik va ijtimoiy holati, bandligi, taʼlim olishiga oid maʼlumotlar asosida “Yoshlar balansi"ni shakllantirish;
  • yoshlarning qiziqishlarini aniqlash bo‘yicha sotsiologik so‘rovlar o‘tkazish, uning natijalarini avtomatik tahlil qilish;
  • yoshlarga oid mavjud imtiyoz, preferensiya va imkoniyatlar to‘g‘risida maʼlumot berish.

2026-yil 1-fevraldan “Yoshlar daftari” jamg‘armasidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordamlar bo‘yicha arizalarni taqdim etish va natijasi bo‘yicha qaror qabul qilish bilan bog‘liq barcha maʼmuriy tartib-taomillar my.gov.uz hamda Yoshlar yagona elektron platformasi orqali amalga oshiriladi.

Avvalroq O‘zbekiston 12 yillik ta’lim tizimiga o‘tishi haqida xabar berilgandi. Bu maktabga tayyorlov guruhlarini maktab ta’limiga qo‘shish orqali joriy etilishi rejalashtirilmoqda.