O‘zbekistonda steyblkoinlar tartibga solish “qumdoni” doirasida sinov tartibida joriy etilishi mumkin. Bu haqda 11-sentabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Timur Ishmetov ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

U barcha markaziy banklar kabi raqamli valyutalar borasida o‘rganish ishlari olib borilayotganini qayd etdi. Hozirda Markaziy bank tomonidan CBDC chiqarish yoki tijorat banklariga pul bilan ta’minlangan steyblkoinlarni chiqarishga ruxsat berish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. 10-sentabr kuni davlat rahbariga fintex sohasi bo‘yicha berilgan hisobotda steyblkoinni pilot loyihasi sifatida boshlash taklifi bildirilgan.

“Biz barcha opsiyalarni ko‘rib chiqmoqchimiz. Dunyoda steyblkoin chiqarish bo‘yicha turli tajribalar bor. Masalan, AQSh yaqinda Markaziy bank emas, balki banklar raqamli valyuta chiqarishi bo‘yicha qaror qilgan. Markaziy bank uchun buning o‘ziga yarasha xatarlari mavjud. Steyblkoinning haqiqatdan ham pul bilan ta’minlanganligini qattiq nazorat qilish kerak. Aks holda, bu qo‘shimcha mablag‘ni emissiya qilgan bilan teng bo‘lib qoladi”, — dedi Timur Ishmetov.

Markaziy bank boshqaruvi raisi steyblkoinlarni chiqarish bo‘yicha sinov loyihasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bilan tashkil etiladigan tartibga solish qumdoni doirasida amalga oshirilishini ta’kidladi. Sinov natijalari asosida aholining raqamli valyutalarga talabi o‘rganiladi. “Chunki raqamli valyutalar bo‘yicha yuqori kutilmalar mavjud. Dunyo tajribasiga ko‘ra, agar mamlakatda to‘lov tizimi yaxshi rivojlangan bo‘lsa, qo‘shimcha to‘lovlar ahamiyatga ega bo‘lmay qolishi mumkin. Shuning uchun avval test o‘tkazib, keyin amaliy natijasini ko‘ramiz”, — dedi

Shu bilan birga, Ishmetov Markaziy bank o‘z raqamli valyutasini chiqarish haqida o‘ylashi kerakligini qayd etdi. U aholi va biznesning chakana to‘lovlari, Markaziy bank va banklar o‘rtasidagi operatsiyalar hamda Markaziy bankning boshqa davlatlar bilan tranzaksiyalarida qo‘llanilishi mumkin. Regulyator raisi barcha variantlarni o‘rganib, sinovdan o‘tkazish istagi mavjudligini qo‘shimcha qildi.

ILMA direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak prezident hisob-kitoblarda steyblkoinlarni qo‘llash va qimmatli qog‘ozlarni tokenlashtirishni sinovdan o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berganini aytgandi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda omonatlar bilan raqobatlashadigan “xalq obligatsiyalari"ni joriy etish taklif qilingani haqida yozgandi.