O‘zbekiston Markaziy banki almashuv kursining moslashuvchanligini oshirdi. Bu haqda 11-sentabr kuni regulyator boshqaruvi raisi Timur Ishmetov matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

“Oxirgi davrlarda biz valyuta kursini shakllantirish siyosatini biroz o‘zgartirdik, tebranuvchanlik biroz oshmoqda. Bu ham keyingi qadam. Uzoq yillar davomida valyuta kursining tebranish darajasi pastligi uchun bozor ishtirokchilari, birinchi navbatda, banklar va biznesda har yili kurs qanchadir foizga oshadi yoki bugun pasaygan bo‘lsa ham, faqat ko‘tariladi, degan kutilmalar shakllangandi”, — dedi Markaziy bank rahbari.

Ishmetovning ta’kidlashicha, valyuta kursi tebranishlarining katta diapazoni dollar kursi bo‘yicha kutilmalarning yanada to‘g‘ri shakllanishiga olib keladi.

Iyun oyida Xalqaro valyuta jamg‘armasi Markaziy bankka almashuv kursining moslashuvchanligini oshirish va uning kengroq chegaralarda tebranishiga yo‘l qo‘yishni tavsiya qildi. XVJning fikricha, bu tashqi shoklardan himoyalanishni ta’minlashga, kompaniyalarni valyuta xatarlarini xedjirlashga undashga, pul-kredit siyosati transmissiyasini kuchaytirishga va kursning doimiy pasayishini kutishdan qochishga yordam beradi.

Avgust oyida eksportchilar Markaziy bankni o‘zbek so‘mini zaiflashtirishga va dollar kursini qo‘yib yuborishga chaqirdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, AQSh valyutasi kursi pasayishi bilan milliy valyutada nominallashtirilgan xarajatlarning o‘sishi ularning raqobatbardoshligini pasaytiradi. To‘qimachilik kompaniyasi vakilining aytishicha, devalvatsiya “eksportchilar muammolarining 70−80% ini hal qiladi”. Savdo-sanoat palatasi rahbari Davron Vahobov dollarning istalgan kursi 16−17 ming so‘m atrofida ekanligini aytdi.

2025-yilning dastlabki sakkiz oyida milliy valyuta dollarga nisbatan 3,39% ga yoki 438 so‘mga qimmatlashdi.

Iqtisodchilar so‘mning mustahkamlanishi sabablarini turlicha baholamoqdalar. Yuliy Yusupov buni AQSh prezidenti Donald Tramp siyosati tufayli dollarning tushib ketgani bilan bog‘lasa, Mirkomil Xolboyev O‘zbekistonning ichki omillariga ham ishora qildi.

Kap Depo direktori Farrux Xo‘jayev so‘mning mustahkamlanishini “qisqa muddatli tuzatish” deb izohladi. Hozirgi sharoitda u xususiy sarmoyadorlar uchun dollarni sotish emas, balki sotib olishni “maqsadga muvofiqroq strategiya” deb hisoblaydi.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, so‘mning mustahkamlanishiga dollarning pasayishi ham, valyutaning qo‘shimcha kirib kelishi ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Yana bir omil — O‘zbekistonga importning sun’iy cheklanishi.

Avvalroq Markaziy bankda Fintex ofisi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, startaplar akseleratsiyasi, yangi g‘oyalar va investitsiyalarga sharoit yaratish uchun innovatsion xab tashkil qilinadi.