Isitish mavsumida ayrim fuqarolarga bir martalik moddiy yordam beriladi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

2025/2026 yilgi isitish mavsumida ehtiyojmand aholini qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilning noyabr oyida 1 mln so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ajratiladi. Bu prezidentning joriy yil aprel oyida qabul qilingan qarorida belgilangan.

Moddiy yordamni Ijtimoiy himoya yagona reyestri axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi, Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan hamda mahalla yettiligi tomonidan shakllantirilgan qo‘shimcha ro‘yxatdagi oilalar olishlari mumkin.

Qo‘shimcha ro‘yxatda birinchi navbatda quyidagi toifaga kiruvchi oilalar inobatga olinadi:

  • boquvchisini yo‘qotgan oilalar;
  • oila a’zolarida I yoki II guruh nogironi bo‘lgan shaxslardan iborat bo‘lgan oilalar;
  • nogironligi bo‘lgan bolani parvarishlayotgan oilalar;
  • gaz ta’minoti mavjud bo‘lmagan va markazlashtirilgan isitish tizimi yo‘q bo‘lgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi oilalar;
  • bir xonadonda 3 va undan ortiq oila birgalikda yashovchi oilalar;
  • uzoq muddatli davolanishni talab etuvchi og‘ir kasallikka chalingan shaxslar yashaydigan oilalar;
  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi shaxslar hamda yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar.

Ushbu toifalarga mos keluvchi ehtiyojmand oilalar joriy yilning 25-sentabriga qadar mahalla yettiligiga murojaat qilishlari mumkin.

Qo‘shimcha ravishda shakllantiriladigan ro‘yxatdagi oilalar soni reyestrlarga kiritilgan oilalar sonining 40%idan oshmasligi kerak.

1-maydan O‘zbekistonda ehtiyojmand oilalarga gaz va elektr energiyasi uchun yil davomida kompensatsiya to‘lash yo‘lga qo‘yildi. Ilgari kompensatsiya noyabr-fevral oylarida berilgan bo‘lsa, endilikda har oy to‘lab beriladi.

2024−2025-yilgi isitish mavsumi uchun kam ta’minlangan oilalarga 313,6 mlrd so‘m yordam berilgan. Joriy yilda jami 1,33 trln so‘m miqdorida kompensatsiya ajratilishi rejalashtirilgandi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi 2024-yilning noyabrida 1,1 mlnta oilaga bir martalik 270 ming so‘mdan yordam puli ajratgan. Jami — 290 mlrd so‘m.

Shuningdek, isitish mavsumida tabiiy gaz va elektr quvvatining bazaviy me’yor doirasidagi hamda bazaviy me’yordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq uchun (2024−2025-yil dekabr-aprel) 207 962 nafar oilaga 23,3 mlrd so‘m kompensatsiya ajratildi.

Avvalroq 2026-yilda Toshkentda elektr tarmoqlarini yaxshilash uchun 2 trln so‘m ajratilishi haqida xabar berilgandi. Qarzdorligi sababli elektr ta’minotidan uzilgan va qarzini to‘lagan korxonalarga jarima qo‘llamaslik haqida topshiriq berildi.