Retsept bilan beriladigan dorilarni elektron retsept asosida tayinlash tartibi belgilandi. Bu haqdagi tegishli nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, elektron retsept asosida tayinlanadigan dori vositalari O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi kerak.
Tibbiyot xodimlari tomonidan bemor maʼlumotlari tibbiyot tashkilotida joriy qilingan axborot tizimiga kiritiladi hamda avtomatik tarzda Elektron tibbiy karta moduliga uzatiladi. Bemorga dori vositalari elektron retsept rasmiylashtirish orqali tayinlanadi.
Retsept davolovchi shifokor tomonidan elektron tasdiqlash usullarida tasdiqlanib, QR-kod avtomatik tarzda qo‘yiladi. Bunda elektron retseptga oid zarur maʼlumotlar avtomatik tartibda Elektron retsept moduliga uzatiladi.
Shifokorlar o‘zlari elektron retsept asosida bemorga bergan va chakana sotilgan dori vositalari harakatini kuzatib borishlari mumkin bo‘ladi. Elektron retseptga oid barcha maʼlumotlar bemorning elektron tibbiy kartasida avtomatik qayd etib boriladi.
Prezidentning 2023-yilning may oyidagi qarori bilan aholini xavfsiz dori vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha Elektron retsept (reimbursatsiya) tizimini joriy etish belgilangan.
O‘tgan yilning iyul oyida Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov 2024-yilda O‘zbekistonda elektron retsept tizimiga o‘tilishini qayd etgandi. Bu tizim keraksiz dori-darmonlarni retseptlashning oldini oladi va kontrabandaga qarshi kurashda yordam beradi.
Joriy yilning yanvarida Toshkent viloyatining Qibray tumanida dorilarni elektron retsept asosida yozish va berish bo‘yicha loyiha ishga tushirilishi haqida xabar berilgandi.
May oyidagi yig‘ilishda prezident Bosh prokuraturaga retseptli dorilarni noqonuniy sotganlik uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashni topshirdi.
Avvalroq 1-sentabrdan farmatsevtika faoliyati uchun litsenziya olish talablari kuchaytirilishi haqida xabar berilgandi.