O‘zbekiston va Rossiya fuqarolarga ichki pasportlar bilan mamlakatga kirishga ruxsat berishni muhokama qilmoqda. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonov Spot’ga ma’lum qildi.
“Ushbu masala bo‘yicha muzokaralar jarayoni davom etmoqda va zarur davlat ichki protseduralaridan o‘tmoqda. Hozirda tomonlar ayrim jihatlar bo‘yicha kelishuv ishlarini olib bormoqda, shuning uchun aniq amalga oshirish muddatlari haqida gapirishga hali erta”, — deya ta’kidladi O‘zbekiston TIV (Izvestiya nashridan iqtibos).
Joriy yilning may oyida qabul qilingan O‘zbekiston prezidenti farmoni bilan Rossiya, Qozog‘iston va Ozarbayjon fuqarolari uchun O‘zbekistonga ichki hujjat yoki ID-karta, shu jumladan, 16 yoshga to‘lmagan fuqarolarga “kinder pasport” bilan 30 kungacha kirish rejimini joriy qilish belgilangandi.
ID-karta bilan xorijga
2023-yilning sentabridan O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegara-bojxona postlaridan ID-karta orqali o‘tish yo‘lga qo‘yildi. Bu xorijga chiqish pasportisiz chegarani kesib o‘tish va qo‘shni mamlakat hududida 60 kungacha vizasiz bo‘lish imkonini beradi.
2024-yilning avgust oyida Shavkat Mirziyoyev Ostonada o‘tkazilgan sammitda Markaziy Osiyoda ID-kartalarni o‘zaro tan olishni taklif qildi. Undan keyin, prezidentning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov mamlakat bilan bu tartibini joriy etish muhokama qilinayotganini xabar berdi.
Noyabr oyiga kelib, davlat rahbari Qozog‘iston va Tojikistonga ham ID-karta orqali o‘tish imkoniyati yaratilishini ma’lum qildi. Mazkur mamlakatlar bilan bu tizimni joriy etish rejalashtirilgan.
Yil boshida O‘zbekiston va Ozarbayjon ID-kartalarni o‘zaro tan olish masalasini ko‘rib chiqayotgani ma’lum bo‘ldi.
Avvalroq Yagona portalda 1-noyabrdan shaxsga doir maʼlumotlar ularning qog‘oz shakliga tenglashtirilishi haqida xabar berilgandi. Davlat xizmatlari markazlarida pensioner, homilador ayollar va 3 yoshgacha bo‘lgan bolasi bilan kelgan fuqaroga xizmatlardan navbatsiz foydalanish bo‘yicha imtiyoz beriladi.