Rossiyada “Yangi odamlar” fraksiyasi deputatlari, fraksiya rahbari Aleksey Nechayev boshchiligida, parlament quyi palatasiga qonun loyihasini kiritdi.
Loyihaga ko‘ra, mehnat migrantlariga o‘z mamlakatlariga oylik maoshidan ko‘p miqdorda pul o‘tkazish taqiqlanishi taklif etilmoqda. Bu haqda fraksiya matbuot xizmati TACC agentligiga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, loyiha bilan “Valyutani tartibga solish va valyuta nazorati to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirishlar kiritish taklif etilmoqda. Tashabbus mualliflari ta’kidlashicha, 2023-yilda mehnat migrantlari vatanlariga pul o‘tkazmalari hajmi bo‘yicha yangi rekord o‘rnatishdi — o‘tkazmalar miqdori $18 mlrddan oshib ketdi.
Tushuntirish xatida ta’kidlanishicha, amaldagi qonunchilik migrantlar tomonidan chet elga o‘tkazilayotgan mablag‘lar hajmining ularning rasman tasdiqlangan daromadlariga muvofiqligi ustidan samarali nazorat mexanizmlarini nazarda tutmaydi.
Qonun loyihasi mualliflarining qayd etishicha, taklif etilayotgan taqiq manbasi hujjatlar bilan tasdiqlanmagan mablag‘larni chet elga yuborishga yo‘l qo‘ymaydi.
Rossiya Federal bojxona xizmati O‘zbekiston Rossiyadan noqonuniy pul olib chiqish bo‘yicha kuchli beshlikka kirgani haqida xabar bergandi.
Qayd etilishicha, noqonuniy valyuta olib chiqish bilan bog‘liq yo‘nalishlarga Turkiya, BAA, Ozarbayjon, Xitoy kabi davlatlar kirdi.
Shuningdek, noqonuniy pul olib kirish ko‘pincha yuqorida ko‘rsatilgan mamlakatlar va Serbiyadan amalga oshirilmoqda.
Bu statistika yuritilgan butun davr mobaynida eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. O‘tgan yilning shu davrida 5449 ta shunday holat qayd etilgan bo‘lib, yillik hisobda bu ko‘rsatkich 15,8% ga oshgan.
2025-yilning olti oyida FBX 6277 ta ma’muriy huquqbuzarlik va 37 ta jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Qoidabuzarliklarning aksariyati Rossiyadan valyuta olib chiqish bilan bog‘liq bo‘lib, 5125 ta holatni tashkil etdi.
Yil davomida ularning soni 13% ga ko‘paydi. Qolgan ishlar mamlakatga pul olib kirishga oid bo‘lib, 1189 ta holatni (31% ga o‘sish) tashkil etdi.
Jinoiy va ma’muriy ishlar bo‘yicha noqonuniy olib o‘tilgan pul miqdori 1,2 mrd rublga yetdi. Bu 2024-yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan 30% ko‘pdir.
Mablag‘larning katta qismi valyutani olib chiqish holatlariga to‘g‘ri kelib, 784,1 mln rublni tashkil etdi. Bojxona xizmati ko‘pincha dollar va yevroning noqonuniy harakatini qayd etmoqda.
Avvalroq Spot yarim yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 27%ga oshib, $8,2 mlrdga yetgani haqida yozgandi.
Bunda ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan $1,8 mlrdga ko‘payib, $8,2 mlrdni tashkil qildi.
Mablag‘larning 78%i Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi — yanvar-iyun oylarida mamlakatdan $6,4 mlrd miqdorida o‘tkazmalar kelib tushgan. Qolgan qismi esa Qozog‘iston, AQSh, Janubiy Koreya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Qirg‘iziston, Litva hamda boshqa mamlakatlardan jo‘natilgan.