Avvalroq Spot 10-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirish bo‘yicha takliflar bilan tanishgani haqida yozgandi.Unda Markaziy bankda Fintex ofisi faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida prezident hisob-kitoblarda steyblkoinlarni (qat'iy belgilangan narxi bo‘lgan kriptovalyutalar) qo‘llash va qimmatli qog‘ozlarni tokenlashtirishni sinovdan o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berganini aytdi.

“Istiqbolli loyihalar milliy agentligimizga Markaziy bank bilan birgalikda steyblkoinlardan hisob-kitoblar uchun to‘lov vositasi sifatida foydalanishni sinovdan o‘tkazish, shuningdek, kapital bozorida qimmatli qog‘ozlarni tokenlashtirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish topshirildi”, — dedi ILMA rahbarining birinchi o‘rinbosari.

Vyacheslav Pak ILMA, Markaziy bank va boshqa manfaatdor vazirliklar vakillari davlat rahbarining farmonlarini bajarish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishlarini ta’kidladi.

Kapital bozoridagi tokenlar

Iyul oyida Humo to‘lov tizimi O‘zbekiston davlat obligatsiyalari bilan ta’minlangan tokenni chiqarish bo‘yicha pilot loyihani ishga tushirganini e’lon qildi. Yangi token Humo Digital sho‘ba korxonasi tomonidan chiqarilmoqda.

Kommersant nashri “loyiha rahbari” Pavel Bibikka tayanib, Humo tokeni Rossiya kompaniyalari bilan savdoni osonlashtirish uchun ishga tushirilganini yozgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi vosita transchegaraviy to‘lovlarni sezilarli darajada osonlashtirib, xalqaro hisob-kitoblar, jumladan, Rossiya yuridik shaxslari bilan samarali yechimga aylanadi.

Nashr ekspertlari Humo tokeni aslida steyblkoin ekanligini, bu esa transchegaraviy to‘lovlarni soddalashtirishga qaratilganligini ta’kidladilar. Digital & Analogue Partners kompaniyasi hamkori Yuriy Brisovning fikricha, token Rossiya biznesida talabga ega bo‘lishi mumkin.

O‘z navbatida, Humo token bilan bog‘liq “noto‘g‘ri talqinlar” bo‘yicha rasmiy izoh berdi. To‘lov tizimida ta’kidlanishicha, “loyiha ma’lum bir mamlakat yoki geosiyosiy kontekstda foydalanishga yo‘naltirilmagan”. Token universal infratuzilma vositasi sifatida yaratilmoqda, deya ta’kidlanadi kompaniya xabarida.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda omonatlar bilan raqobatlashadigan “xalq obligatsiyalari"ni joriy etish taklif qilingani haqida yozgandi.