Joriy yil boshidan so‘m 3−4% ga mustahkamlandi. Bu haqda 11-sentabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Regulyator rahbari almashuv kursi shakllanishi bo‘yicha to‘xtalib, milliy valyuta kursi ichki valyuta bozorida joriy talab va taklif asosida shakllanishini qayd etdi.

“Markaziy bank almashuv kursi bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkich belgilamaydi va almashuv kursi shakllanishiga aralashmaydi. Nisbatan qulay makroiqtisodiy sharoitlar valyuta bozoridagi joriy tendensiyalarni shakllantirmoqda. Milliy valyuta yil boshidan 3−4% atrofida mustahkamlandi”, — dedi u.

Timur Ishmetovning ta’kidlashicha, buning bir nechta omillari bor: iqtisodiyotda xorijiy valyuta taklifi sezilarli darajada yuqori shakllanmoqda. Yanvar-iyul oylarida oltinni hisobga olmaganda eksport qariyb 20% ga oshdi. Jami eksport esa 37% ga — $20,4 mlrdga yetdi. Xorijiy investitsiyalar va qarz instrumentlari oqimi sezilarli oshdi — birinchi yarim yillikda chet el investitsiyalari hajmi 37% o‘sib, $8,5 mlrdni tashkil etdi.

Shuningdek, yanvar-avgust oyida O‘zbekistonga $12,1 mlrd (o‘tgan yilga nisbatan o‘sish 23%) miqdorida pul o‘tkazmalari jo‘natildi. Banklar tomonidan jismoniy shaxslarga sotilgan valyuta hajmi sezilarli pasayib, valyuta xaridiga nisbatan tafovut $5,6 mlrdni tashkil etdi. Moliya tashkilotlarining valyuta xaridi o‘tgan yilga nisbatan 40% ga oshdi.

Yil boshidan dollarning jahon bozorida 9−10% ga qadrsizlanishi kuzatildi. Ichki valyuta bozorining infratuzilmasi takomillashtirilishi, market-maker funksiyasi samarali ishlashi hamda bozorda faollikning oshishi kursning tashqi shoklar va noaniqliklarga moslashuvchanligini kuchaytirdi.

Markaziy bank raisining so‘zlariga ko‘ra, almashuv kursi tebranuvchanligining oshishi milliy valyutaning doimiy qadrsizlanishi bo‘yicha kutilmalarni kamaytiradi hamda xo‘jalik yurituvchilarni valyuta xatarlaridan himoyalashni rag‘batlantiradi. Shu bilan birga, bu iqtisodiyotda dollarlashuv darajasini pasaytiradi va pul-kredit siyosati samaradorligini oshiradi.

“Nominal almashuv kursi mustahkamlangan bo‘lsada, real samarali almashuv kurs yil boshidan deyarli 4% ga qadrsizlandi. Bu ichki inflyatsiyaning yuqori darajada saqlanishi va savdo hamkorlar valyutasi so‘mga nisbatan ko‘proq mustahkamlanishi hisobiga yuzaga keldi”, — dedi Timur Ishmetov.

Joriy iqtisodiy tendensiyalar va kutilmalar hisobiga kelgusi oylarda so‘mning real almashuv kursiga nisbatan yuqori bosimlar kuzatilmasligi kutilmoqda.

Regulyator almashuv kursini shakllantirish siyosatini biroz o‘zgartirib, uning moslashuvchanligini oshirdi. Markaziy bank raisi bu bozor ishtirokchilarida kutilmalarning to‘g‘ri shakllantirishga xizmat qilishini qayd etdi.

2025-yilning dastlabki sakkiz oyida milliy valyuta dollarga nisbatan 3,39% ga yoki 438 so‘mga qimmatlashdi. Iqtisodchilar so‘mning mustahkamlanishi sabablarini turlicha baholamoqdalar. Yuliy Yusupov buni AQSh prezidenti Donald Tramp siyosati tufayli dollarning tushib ketgani bilan bog‘lasa, Mirkomil Xolboyev O‘zbekistonning ichki omillariga ham ishora qildi.

Kap Depo direktori Farrux Xo‘jayev so‘mning mustahkamlanishini “qisqa muddatli tuzatish” deb izohladi. Hozirgi sharoitda u xususiy sarmoyadorlar uchun dollarni sotish emas, balki sotib olishni “maqsadga muvofiqroq strategiya” deb hisoblaydi. Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, so‘mning mustahkamlanishiga dollarning pasayishi ham, valyutaning qo‘shimcha kirib kelishi ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Yana bir omil — O‘zbekistonga importning sun’iy cheklanishi.

Avvalroq Markaziy bankda Fintex ofisi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, startaplar akseleratsiyasi, yangi g‘oyalar va investitsiyalarga sharoit yaratish uchun innovatsion xab tashkil qilinadi.