Albaniya dunyoda birinchi bo‘lib sun’iy intellektni vazir etib tayinladi. Bu haqda Politico nashri xabar berdi.
Nashrning qayd etishicha, “Diella” (“quyosh nuri”) nomli virtual hukumat a’zosi barcha davlat xaridlarini nazorat qilish vazifasini o‘z zimmasiga oladi.
Albaniya bosh vaziri Edi Ramaning aytishicha, tenderlarni o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorlarni Diellaning o‘zi qabul qiladi. Tizimni bosqichma-bosqich joriy etishdan maqsad davlat xaridlarini to‘liq shaffof qilishdir.
Tiranada bo‘lib o‘tgan Sotsialistik partiya qurultoyida Rama qaysi vazirlar lavozimidan ketishi va qaysilari yangi muddatga qolishini e’lon qildi. Shuningdek, u hukumat tarkibidagi yagona inson bo‘lmagan a’zo — Diellani ham tanishtirdi.
“Diella partiyaning birinchi a’zosi bo‘lib, u jismonan mavjud emas, balki sun’iy intellekt tomonidan virtual tarzda yaratilgan”, — deya partiya a’zolariga ma’lum qildi.
Sun’iy intellektning vazifalari orasida tender takliflarini tahlil qilish va “dunyoning istalgan nuqtasidan iqtidorli mutaxassislarni” jalb etish imkoniyati ham bor.
Diella allaqachon Albaniya fuqarolariga tanish, chunki u fuqarolarga deyarli barcha davlat xizmatlaridan raqamli tarzda foydalanish imkonini beruvchi e-Albania platformasiga mas’ul. Uning hatto an’anaviy alban kiyimidagi yosh ayol qiyofasidagi avatari ham mavjud.
Albaniyada davlat xaridlari sohasi uzoq vaqtdan beri korrupsiya mojarolari bilan bog‘lanib kelmoqda. Pora berish tizimi chuqur ildiz otgan mamlakatning obro‘si davlatning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishiga to‘sqinlik qilmoqda — bu Rama 2030-yilgacha erishmoqchi bo‘lgan maqsad hisoblanadi.