Xorazm viloyatida joriy yil boshidan beri 100 ming ehtiyojmand aholi ish bilan taʼminlandi. Bu haqda prezidentga Xorazm viloyatida islohotlar natijadorligi va yangi rejalar yuzasidan berilgan axborotda taʼkidlandi.

Oxirgi sakkiz yilda $2 mlrd investitsiya kiritilib, 25 mingdan ortiq sanoat korxonalari ochilgan. Ishlab chiqarish hajmi 2,2 karra oshgan. Viloyatda to‘qimachilik, avtomobilsozlik, elektr texnikasi, oziq-ovqat va qurilish materiallari sanoati bor.

Toshsoqa magistral kanali qayta tiklangani natijasida Xorazm uchun o‘ta muhim bo‘lgan sug‘orish tizimi yaxshilandi. Amudaryo ustida yangi ko‘prik qurilishi viloyat aholisining uzog‘ini yaqin qildi.

Sakkiz yilda viloyatda 660 ta ko‘p qavatli turar joy barpo etilib, 21 ming oila yangi uyli bo‘ldi. 4 751 km ichimlik suvi va 206 km kanalizatsiya tarmog‘i qurildi, 580 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvidan bahramand bo‘ldi.

Joriy yil boshidan beri 100 ming ehtiyojmand aholi ish bilan taʼminlandi. Kambag‘allik darajasi yanvardagi 12% dan 6,8% ga tushib, eng yaxshi ko‘rsatkich bo‘ldi.

Xorazm viloyatida “Islohotlar shtabi” tuzildi. Taqdimotda tadbirkorlarning takliflari asosida ishlab chiqilgan yangi loyihalar haqida axborot berildi. Masalan, Janubiy Koreyaning $100 mln investitsiyasi hisobidan Urganch tumanida chiqindi yoqish orqali elektr energiyasi olish loyihasi mo‘ljallangan.

Avstraliya kompaniyasi $820 mln investitsiya kiritib, Tuproqqalʼa tumanida 600 ming tonna ekologik toza aviatsiya yoqilg‘isi va 50 ming tonna “yashil dizel” ishlab chiqarish taklifini bildirgan. Korxona ehtiyoji uchun 5,5 ming gektarda 4 gigavatt quyosh panellari o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Slovakiya korxonasi $170 mln hisobiga Tuproqqalʼa tumanida 5 ming gektarda raps yetishtirib, bioyoqilg‘i ishlab chiqarish zavodi qurishni rejalashtirgan.

Xorazmda $2,4 mlrdlik yangi loyihalar tayyorlangan. Shuningdek, shahar va tumanlarning qo‘shimcha imkoniyatlari hisobidan yana $86 mlnlik istiqbolli loyiha va tashabbuslar shakllantirilgan. Davlat rahbari investorlarga qulaylik yaratib, loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Viloyatdagi sanoat zonalaridan to‘la foydalanilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Infratuzilma va yer toifasi masalasini hal qilib, 100 dan ziyod loyihalarni ishga tushirish zarurligi aytildi. Xorazmning joylashuvidan kelib chiqib, sanoat yo‘nalishlarini puxta rejalashtirish, bunga viloyatning ichki salohiyatini to‘liq safarbar qilish kerakligi taʼkidlandi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Avvalroq Toshkent viloyatining barcha hududlari poytaxt bilan tezkor elektr poyezdlar orqali bog‘lanishi haqida xabar berilgandi.