Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi avgust oyidagi yig‘ilishlarida 51 ta masalani ko‘rib chiqib, tegishli qarorlar qabul qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 32 ta masala ko‘rib chiqildi. Jumladan, 9 tasi kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, 3 tasi ular ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish, 8 tasi yangi ochilayotgan mikromoliya tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish, 2 tasi mikromoliya tashkilotini reestrdan chiqarish bo‘yicha bo‘ldi.

O‘tgan oyda, banklarda audit o‘tkazish huquqini berish uchun auditorlik malaka sertifikatini taqdim etish (1 ta) hamda banklar kuzatuv kengashi va boshqaruvi aʼzolari va muhim xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqish (9 ta) masalasi ham muhokama qilindi.

Shu bilan birga, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 19 ta masala muhokama qilindi: Markaziy bank ko‘rsatmalari va prudensial meʼyorlari talablarining bajarilishi, o‘tkazilgan inspeksiya natijalari, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashishga qaratilgan masalalardir.

Shuningdek, 9 ta bank, 6 ta mikromoliya tashkiloti va 4 ta lombardga nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llanildi. Ularga inspeksiya tekshiruvlari, jinoiy daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish qoidalariga rioya qilinishida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun chora ko‘rildi.

Talablar, muammoli kreditlarni undirish va ular qoldig‘ini kamaytirish uchun ishlab chiqilgan reja-grafiklar ijrosi bajarilmaganligi hamda aniqlangan kamchiliklar uchun 14 ta bank va 2 ta to‘lov tashkiloti chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.

Bundan tashqari, ustav kapitalining eng kam miqdorini shakllantirilish talablarini bajarmagani uchun 1 ta bankka berilgan litsenziya chaqirib olindi. Gap Yevroosiyo Banki haqida ketmoqda.

Spot, avvalroq, Markaziy bank bitta fuqaro nomiga karta ochishdagi cheklovlarni o‘zgartirishi mumkinligi haqida yozgandi.