Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-sentabr kuni aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish ishlarini samarali tashkil etishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
O‘zbekistonda aholini oxirgi marta 1989-yilda ro‘yxatga olingan. Keyinchalik “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida"gi qonun qabul qilinib, aholining har 10 yilda, qishloq xo‘jaligining esa har 5 yilda bir marta ro‘yxatga olinishi belgilandi.
2021-yilda aholi, 2022-yilda qishloq xo‘jaligi sinov tariqasida ro‘yxatga olindi, biroq xalqaro tajribani o‘rganish va zarur sharoitlarni yaratish zarurati tufayli to‘laqonli tadbir keyinga qoldirildi.
Taqdimotda xalqaro tajribadan kelib chiqib hamda Jahon banki, YUNFPA va FAO tashkilotlari ishtirokida ishlab chiqilgan aholi va qishloq xo‘jaligini bir vaqtda ro‘yxatdan o‘tkazish taklifi ko‘rib chiqildi.
O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazish 2026-yil 15-yanvardan 28-fevralgacha o‘tkazilib, dastlab 17 kun internet orqali, keyin “mahalla yettiligi” bilan uyma-uy yurib amalga oshiriladi.
Mazkur usul orqali xarajatlar sezilarli qisqarib, 1,3 trln so‘m mablag‘ tejaladi. Shuningdek, ro‘yxatga olish jarayonlari oddiy va shaffof tarzda tashkil etiladi. Savollarning soni avval rejalashtirilgan 328 tadan 71 taga qisqartirildi.
Ro‘yxatga olish natijasida 38 mln aholining tarkibi, migratsiyasi, oilaviy holati, faoliyati va daromad manbalari bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasi shakllanadi.
M
Mamlakatdagi qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish, chorva va parranda soni aniqlanib, 25,6 trln so‘m, jumladan 2,2 trln so‘m budjet mablag‘larining samaradorligi va oziq-ovqat xavfsizligi uchun zarur ma’lumotlar shakllantiriladi.
Jarayon samaradorligi uchun “mahalla yettiligi” o‘qitilib, Jahon banki loyihasi mablag‘lari yo‘naltiriladi. OAV va ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ibot olib borilib, fuqarolarning xabardorligi oshiriladi.
Davlat rahbari taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlarini tizimli va sifatli amalga oshirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.
Oktabr oyida O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olishni 2026-yil 15-iyuldan 21-avgustgacha o‘tkazish taklif qilingan edi.