Shahrizoda Islomova 2003-yil Samarqand shahrida tug‘ilgan. Yakkasaroy tumanidagi iqtisodiyot va matematika fanlariga ixtisoslashtirilgan 160-maktabni bitirgan va 2024-yilda hozirgi O‘zbekiston Davlat iqtisodiyot universiteti (sobiq Moliya institut)ning Byudjet va g‘aznachilikni nazorat qilish yo‘nalishini tamomlagan.
Shahrizoda o‘tgan yili Germaniyaning DAAD ERP grantini qo‘lga kiritgan. Hozirda u Humboldt-Universität zu Berlin universitetida magistratura bosqichida ta’limni davom ettirmoqda. Shu bilan birga universitet laboratoriyasida taqdiqot yordamchisi sifatida ishlamoqda.
Nima uchun Germaniya?
Oligohda o‘qib yurgan kezlarim o‘zimda intellektual turg‘unlikni sezib, yangi rivojlanish imkoniyatlarini izlay boshladim. Shu jarayonda yangi xorijiy tilni o‘rganishga qaror qildim. Dastlab fransuz va nemis tillari orasida ikkilanib qoldim, biroq institutim yaqinida joylashib, nemis tilini o‘qitishga ixtisoslashgan Toshkentdagi Gyote-instituti tanlovimni osonlashtirdi.
Shu tariqa nemis tilini muntazam o‘rganishga kirishdim. Taxminan bir yarim yillik tayyorgarlikdan so‘ng, 3-kursda TestDaF imtihonini topshirib, eng yuqori — 5−5−5−5 natijaga erishdim.
Institutdagi talabalar va o‘qituvchilarning ko‘pchiligi o‘z kelajagini Germaniya bilan bog‘layotganini ko‘rib, menda ham shunday niyat paydo bo‘ldi. Shundan so‘ng Germaniyaning ta’lim tizimini chuqurroq o‘rganib, mavjud imkoniyatlar hamda talablarni tahlil qila boshladim.
Foto: Shahrizoda Islomovaning shaxsiy arxividan
Germaniyada nemis tilida tahsil olishni xohlab, Test Deutsch als Fremdsprache (TestDaF) imtihonini muvaffaqiyatli topshirdim.
3-kurs oxirlariga kelib, Germaniyada magistraturani davom ettirishga qaror qildim. Shunda o‘zimga muhim bir savol berdim: “Nega?”. Simon Sinekning mashhur “Start with Why” kitobida ta’kidlangani kabi, har qanday qarorni mazkur savoldan boshlash zarur.
Avvalo, marketing va ijtimoiy fanlarga tobora ko‘proq qiziqayotganimni tushunib yetgandim. Shu bilan birga, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Hans Zaydel jamg‘armasida amaliyot o‘tab, o‘z qiziqishlarimni amaliy tajribada sinab ko‘rdim. Xalqaro madaniy almashinuv, hamkorlik loyihalari, tadbirlar tashkil etish, matbuot bilan ishlash hamda ijtimoiy tarmoqlar yuritish kabi jarayonlar men uchun nihoyatda qiziqarli bo‘ldi.
Biroq bakalavr bosqichida davlat moliyasi sohasida ta’lim olganim sababli, magistraturada kasbiy faoliyatimga yaqin, ammo ko‘lam jihatdan kengroq va chuqurroq yo‘nalishga o‘tishni istadim. Afsuski, O‘zbekistonda iqtisodiyot bilan ijtimoiy fanlar yoki iqtisodiyot bilan psixologiyani birlashtirgan dasturlar deyarli mavjud emasdi.
Foto: Shaxsiy arxiv
Mamlakatimizda fanlararo yondashuv endigina shakllanmoqda, dasturlar esa ko‘pincha bitta sohaga cheklanib qolmoqda.
Germaniyada esa, aksincha, ko‘plab magistratura dasturlari multidisiplinar bo‘lib, iqtisodiyot, psixologiya va ijtimoiy fanlarning kesishgan nuqtalarida yangi bilimlarni taklif etadi. Aynan shu yondashuv meni o‘ziga tortdi. Shu bois 3-kurs yozida 10−15 ta shunday dasturlarni topib ularga hujjat topshirishga qaror qildim.
DAAD stipendiyasi — Germaniyadagi yirik moliyaviy yordam manbai
Germaniyada o‘qish istagim aniq bo‘lganidan so‘ng, iqtisodiyot va biznes sohalari bo‘yicha bakalavr diplomiga ega bo‘lgan bitiruvchilar uchun mo‘ljallangan DAAD ERP stipendiya dasturini tanladim. Sababi aniq, akademik va professional tayyorgarligim moliya, iqtisodiyot va biznes yo‘nalishlariga to‘g‘ri keladi. DAAD tashkiloti turli sohalar uchun turli stipendiyalarni taklif etadi: masalan, All Disciplines — barcha yo‘nalishlar uchun, yoki alohida dasturlar arxitektorlar va musiqachilar kabi san’at sohasi vakillari uchun. ERP esa aynan iqtisodiyot va menejment yo‘nalishlariga ixtisoslashgan talabalar uchun mos edi.
Undan tashqari bloklangan hisob (blocked account) tizimi haqida ham o‘rganib chiqdim. Germaniyaga talaba vizasini olish uchun taxminan 12 ming yevro miqdorida mablag‘ni maxsus hisobda muzlatib qo‘yish talab qilinadi. Bu tizim talabalar mamlakatda yashash xarajatlarini mustaqil qoplay olishiga kafolat beradi. Men bu shartni ko‘rib, moliyaviy tarafdan barqarorlikni ta’minlashim kerakligini tushunib yetib, stipendiya izlashga kirishdim.
Germaniyadagi mashhur, nufuzli va yirik moliyaviy yordam manbai DAAD stipendiyasi hisoblanadi. Bu yerga hujjatlarimni 4-kursning oktabrida topshirdim. Bu jarayonda muhim bir jihatni ham angladim: Germaniyada o‘qishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, hujjatlarni bir yil oldin topshirishingiz kerak.
Foto: Shaxsiy arxiv
Shuningdek, turli siyosiy jamg‘armalarning stipendiya dasturlarini ham ko‘rib chiqdim. Ularning aksariyati kamida B2 darajadagi nemis tilini talab qiladi. Men esa bu shartni allaqachon bajargan edim. Biroq siyosiy jamg‘armalarning ariza muddati DAADnikidan farq qilgani sababli, birinchi navbatda DAAD ERP stipendiyasiga hujjat topshirishga qaror qildim.
Hujjat topshirish jarayoni
DAAD stipendiyasiga hujjat topshirish jarayoni ham bir necha bosqichlardan iborat. Dastlabki bosqich odatda har yili oktabr oyining oxirlariga to‘g‘ri keladi — ariza bergan davrimda bu sana 30-oktabr atrofida edi. Biroq muddatlar yildan-yilga farq qilishi mumkinligi uchun aniq ma’lumotlarni doimo DAAD’ning rasmiy veb-saytida tekshirib borish lozim.
Birinchi bosqich uchun talab qilinadigan hujjatlar to‘plamiga motivatsion xat, rezyume (CV) va baholar transkripti kiradi. Muhim jihati shundaki, hali bakalavrni tugatmagan, to‘rtinchi kursda o‘qiyotgan talabalar ham ariza topshirish huquqiga ega.
ERP stipendiyasi uchun esa qo‘shimcha ravishda “Study Plan” deb nomlangan alohida hujjat talab etiladi. Unda nomzod Germaniyadagi kamida uchta magistratura dasturini ko‘rsatib, ularning modullari, o‘qitilish tili va boshqa muhim tafsilotlarini batafsil bayon qilishi kerak bo‘ladi.
Bu men uchun eng murakkab hujjatlardan biri bo‘ldi, chunki bakalavrni hali tugatmagan bo‘lsam-da, kelajakda o‘qimoqchi bo‘lgan dasturlarimning ikki yillik rejasini puxta o‘ylab chiqishim zarur edi. Bu jarayon aslida mening kelajakdagi ta’lim yo‘limni aniq rejalashtirishimga xizmat qildi.
Bundan tashqari, tavsiyanoma ham talab qilinadi. Biroq bu talab yildan-yilga farq qilishi mumkin, shu bois yangilangan ma’lumotni rasmiy saytdan kuzatib borish muhim.
Men tayyorgarlikni avvalo magistratura dasturlarining tavsifini o‘rganishdan boshladim. Chunki motivatsion xat yozishim uchun, eng avvalo, nimani va qayerda o‘qimoqchi ekanimni aniq bilishim kerak edi.
Butun yoz faslida Germaniyadagi rasmiy universitet saytlaridan o‘zimga mos va manfaatli dasturlarni izladim. Meni eng ko‘p qiziqtirgani fanlararo yondashuv edi. Shuningdek, universitetning reytingi ham men uchun ahamiyatli. Nihoyat, yoz oxiriga kelib, quyidagi uchta dasturda qat’iy qaror qildim:
- FAU Erlangen-Nürnberg universiteti;
- Frankfurt shahridagi Goethe universiteti;
- Berlin shahridagi Freie Universität.
Sentyabrdan boshlab esa tavsiyanoma va motivatsion xat ustida muntazam ish boshladim. Menimcha, har bir hujjat nomzod portretining bir parchasi, ular birlashganda esa to‘liq va izchil manzara yuzaga keladi. Masalan, tavsiyanomada qayd etilgan jihatlar motivatsion xatda bo‘lmasligi mumkin yoki aksincha.
Foto: Shaxsiy arxiv
Shuningdek, rezyume ham katta ahamiyatga ega. U sizning yutuqlaringiz, tajribangiz va qobiliyatlaringizni ko‘rsatadigan asosiy hujjatdir. Agar sizda sertifikatlar, ilmiy maqolalar yoki xorijiy tajribalar bo‘lsa — ularni ham qo‘shish mumkin. Shaxsan menda xalqaro almashinuv tajribasi bo‘lmagan, ammo qat’iy motivatsiyam va Germaniyadan kutganlarim aniq shakllangani sababli baribir kuchli nomzod sifatida baholanganimga ishonaman.
Chet elda o‘qish vosita, maqsad emas
Tayyorgarlik jarayonida imkon qadar ko‘proq tajriba va maslahat yig‘ishga harakat qildim: DAAD stipendiyasi haqida turli Telegram kanallarga a’zo bo‘ldim, YouTube orqali ko‘plab intervyularni tomosha qildim. Asosiy maqsadim, stipendiyani allaqachon qo‘lga kiritgan talabalar yo‘lini o‘rganish, ularning qanday hujjatlar topshirgani va eng asosiysi, nima sababdan ular tanlab olinganini tushunish bo‘lgan.
Har bir intervyuni tahlil qilar, ular qanday gapirganini, o‘zini qanday tanishtirganini, qanday ustunliklarini ko‘rsatganini o‘rganar edim. Chunki birinchi bosqichdan o‘tishda eng muhim narsa — o‘zingizni komissiya oldida to‘g‘ri va ishonchli tarzda namoyon qila olishdir. Shu bois motivatsion xatimda ham, keyinchalik suhbatlarga tayyorgarlikda ham o‘zimni taqdim etish masalasiga alohida e’tibor qaratdim.
Fikrimcha, chet elda o‘qish — bu vosita, maqsad emas. Shuning uchun motivatsion xatimni aniq struktura asosida yozdim:
- Nega Germaniya?
- Nega aynan shu dasturlar?
- Nega aynan shu yo‘nalish?
Maktubimni moliya sohasi bilan tanishuvim haqidagi shaxsiy hikoya bilan boshladim. Keyin esa o‘zimning professional tajribamni keltirdim — masalan, bir nemis tashkilotida tadbirlar tashkil etish va marketing bilan shug‘ullanganim. Bu tajriba hamda nemis tilini o‘rganishim menga Germaniyada o‘qish g‘oyasini berib, hayotimda burilish nuqtasiga aylandi. “Nega Germaniya, nega boshqa davlat emas?”, savoliga shu tarzda aniq javob berdim.
Shuningdek, “Study Plan” hujjatida tilga olingan dasturlarni motivatsion xatda ham qisqacha keltirdim.
Tanlagan universitetlarimda aynan meni qiziqtirgan sohalarda faoliyat yuritayotgan professorlar bor edi. Ularning ilmiy ishlarini o‘qib chiqib dasturlar manfaatlarimga to‘la mos ekaniga ishonch hosil qildim. Keyin qisqacha o‘qish davrida va undan keyingi rejalarim haqida yozdim — shu orqali komissiyaga Germaniyada o‘qish mening oxirgi maqsadim emas, balki uzoq muddatli rejalarim sari olib boruvchi vosita ekanini ko‘rsatdim.
Foto: Shaxsiy arxiv
Ko‘p eshitganman: DAAD mutaxassislikni o‘zgartirgan nomzodlarga ehtiyotkorlik bilan qaraydi. Masalan, kimdir moliya yo‘nalishida o‘qib, keyin marketing yoki kommunikatsiya sohasiga o‘tmoqchi bo‘lsa, komissiya savol berishi tabiiy. Ammo agar siz bu o‘zgarishni motivatsion xatda aniq va asosli tarzda tushuntirib bera olsangiz, bu kamchilik emas, balki ongli tanlov sifatida baholanadi. Shu sababli yo‘nalishimdagi o‘zgarishlarni aniq asoslab, ularni mantiqiy tarzda o‘z hayotiy yo‘lim bilan bog‘lab ko‘rsatdim.
Stipendiyaga intervyu bosqichi
Birinchi bosqichdan o‘tish men uchun katta quvonch edi, ammo eng muhim sinov hali oldinda turganini bilardim. Intervyu stipendiya beriladimi-yo‘qmi, degan savolga yakuniy javob beradigan bosqich. Natijalar odatda kech chiqadi, menda ular 17-yanvarda e’lon qilingandi.
Statistikaga ko‘ra, dastlabki ariza topshirganlarning atigi 5−10%i keyingi bosqichga o‘tadi. Masalan, hujjat topshirgan yilim 300 kishi ichidan atigi 25 nafar nomzod intervyuga taklif qilingan.
Menga fevral oyining boshlariga intervyu tayinlandi va oldimda deyarli bir oy vaqt bo‘lgan. Shu davrni maksimal darajada foydali o‘tkazishga harakat qildim. Intervyu odatda 20 daqiqa davom etib, 4−5 professor qatnashishi mumkin. Ammo suhbatimda 2 nafar professor ishtirok etdi: biri akademik tayyorgarligimni sinovdan o‘tkazdi, ikkinchisi esa motivatsiyon savollar berdi.
Strategiyam shundan iborat ediki, motivatsion qismini allaqachon puxta tayyorlab qo‘ygandim, shu sabab asosiy e’tiborimni akademik qismga qaratdim. Albatta, bir oyda butun bakalavr dasturini qayta ko‘rib chiqish imkonsiz, shuning uchun suhbatni o‘zim uchun eng qulay mavzuga yo‘naltirishga qaror qildim.
Foto: Shaxsiy arxiv
Intervyu boshlanishi bilanoq o‘zimni tanishtirib, darhol diplom ishim haqida gapira boshladim. Diplom ishida Germaniya byudjet tizimi va davlat moliyasi haqida yozganim sababli mavzuni chuqur bilardim. Professorlar savollarni aynan shu yo‘nalishda davom ettirishdi.
Oddiy, ammo asosiy tushunchalarni sinovdan o‘tkazuvchi savollar ham berildi — masalan, “budjet nima?” yoki “soliq tizimi qanday ishlaydi?”. Taxminan 20 daqiqa davom etgan suhbatning 17 daqiqasi faqat akademik mavzularga bag‘ishlandi. Yakunida esa ikkinchi professor qisqa motivatsion savollar berdi. Asosiy tanlagan universitetim Berlinda joylashgani bois, u shahar haqidagi taassurotlarim va rejalarim haqida so‘radi.
Intervyu juda tez o‘tdi. Chiqib ketayotib, hayajonimdan beixtiyor: “Demak, Germaniyada ko‘rishamiz!”, deb yubordim.
Shu 25 nafar intervyuga chaqirilganlardan odatda 8−12 nafari stipendiyani qo‘lga kiritadi. Yakuniy natijalar ko‘pincha aprel oxiri yoki may oyida e’lon qilinadi. Ammo hujjat topshirgan yilim natijalar kutilganidan ancha erta 10-mart kuni chiqdi. Ya’ni, intervyudan atigi ikki hafta o‘tib, o‘sha kutilgan xushxabarni qo‘lga kiritdim.
Oliygoh tanlash
Aprel oyidan universitetlarga hujjat topshirish jarayoni boshlanadi. Odatda bu UniAssist platformasi orqali amalga oshiriladi, lekin ba’zi universitetlarning o‘z platformalari ham mavjud. Men ehtiyot chorasi sifatida taxminan 10 ta universitetga hujjat topshirdim — chunki stipendiyaga ega bo‘lish hali universitetga qabul qilingan degani emas.
UniAssist — pullik xizmat bo‘lib, birinchi ariza uchun taxminan 75 yevro, keyingi har bir dastur uchun esa 30 yevro to‘lash kerak bo‘ladi.
Eng muhim hujjat universitetdan kelgan qabul javobi. Bir nechta yirik universitetlarga qabul qilingan edim — Frankfurt shahridagi Goethe universiteti, Nyurnbergdagi FAU va Berlin shahridagi Humboldt universiteti. Barchasi biznes boshqaruvi sohasidagi dasturlar edi. Yakunda Humboldtni tanladim. Birinchidan, Berlinning o‘zi katta imkoniyatlarga boy shahar, ikkinchidan esa Humboldtning yuqori akademik reytingi.
Foto: Shaxsiy arxiv
Bu qarorimdan umuman afsuslanmayman. Chunki aynan ikkinchi kursda o‘rganishni orzu qilgan yo‘nalishni shu yerda topdim — Behavioral Decision Making. Bu nisbatan yangi fan bo‘lib, iqtisodiyot, psixologiya va sotsiologiyani birlashtiradi. Asosan insonlarning qaror qabul qilish jarayonlarini ilmiy, iqtisodiy va psixologik tajribalar orqali o‘rganishga qaratilgan. Universitetda hatto shu maqsad uchun maxsus laboratoriya ham mavjud.
Mening dasturim juda erkin: majburiy fanlar yo‘q, o‘z o‘quv rejamni to‘liq o‘zim tuzaman. Hatto darslarda qatnashish ham majburiy emas — hech kim nazorat qilmaydi. Bu erkinlik dastlab biroz noodatiy tuyuldi, chunki O‘zbekistonda o‘quv jarayoni odatda qat’iy nazoratga asoslangan.
Bundan tashqari, seminarlar tizimi ham boshqacha. Bizda seminarlar asosan ma’ruzaga bog‘liq bo‘ladi, bu yerda esa ular talabalarning mustaqil fikrlashi, ilmiy izlanish olib borishi va akademik tadqiqot ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan mustaqil dars shakli sifatida tushuniladi.
Viza olish jarayoni
Viza jarayoni esa ancha oson kechadi. Hujjatlarni DAAD o‘zi tayyorlab beradi: moliyaviy kafolat, sug‘urta, stipendiya shartnomasi va hokazo. Menga faqat universitet qabul xati va pasport fotosuratlari kerak bo‘ldi.
O‘sha davrda elchixonaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilib bo‘lmaganligi sababli, vositachi orqali vizaga ariza berdim. Avgust oyida topshirgan arizam taxminan ikki hafta ichida ko‘rib chiqildi va vizani qo‘lga kiritdim. Demak, sentabr boshida Germaniyaga yo‘l olishga tayyor edim.
Bu jarayonda stipendiyadorlar uchun yana bir muhim yengillik bor: viza uchun to‘lov olinmaydi (odatda bu 100 yevro atrofida bo‘ladi). Keyinchalik Germaniyada bo‘lganingizda, vizaning amal qilish muddati tugaganda, yashash ruxsatnomasiga ariza berishingiz kerak bo‘ladi. Lekin bu ruxsatnoma uchun ham to‘lovdan ozod etilasiz, chunki siz Germaniya davlat fondlari tomonidan moliyalashtirilayotgan bo‘lasiz.
DAAD talabalarining asosiy majburiyatlari
DAAD stipendiyasi doirasida eng asosiy majburiyatim — o‘qishga jiddiy yondashish va yaxshi natijalarga erishish. Ya’ni, stipendiyaning butun maqsadi talabalarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan.
Shuning uchun, o‘qish jarayonida progress haqida muntazam ravishda DAADga hisobot topshirib turish kerak.
Qolgan majburiyatlar deyarli mavjud emas. Masalan:
- DAAD tadbirlari: kelajakda dastur bitiruvchilari uchun uchrashuvlar o‘tkazilishi mumkin, lekin ularda qatnashish ixtiyoriy.
- O‘zbekistonga qaytish: bu ham majburiy emas. O‘qishni tugatgandan so‘ng Germaniyada qolish yoki boshqa davlatga chiqib ketish imkoniyati mavjud. Hatto Germaniyada o‘qishni tugatgandan keyin taxminan 1,5 yil davomida ish qidirish huquqi beriladi.
- Mamlakatni tark etish: agar men Germaniyani 4 haftadan ko‘proq muddatga tark etmoqchi bo‘lsam, bu haqda DAADni xabardor qilishim kerak. Umuman olganda, o‘qish davrida Germaniyadan 6 haftadan ko‘p vaqtga chiqib ketish mumkin emas.
Yashash xarajatlari
Ta’limdan tashqari, Germaniyada talaba sifatida yashash masalasi ham muhim. Bu borada DAAD ERP granti katta yordam beradi. Avvalo, DAAD Germaniyaga parvoz xarajatlarini to‘liq qoplaydi — odatda bu 1000 yevro atrofidagi aviachiptani o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, har qishki semestr boshida o‘quv anjomlari va boshqa zarur ehtiyojlar uchun 460 yevro miqdorida bir martalik study allowance ajratiladi.
Foto: Shaxsiy arxiv
Asosiy moliyaviy qo‘llab-quvvatlash oylik stipendiya bo‘lib, uning miqdori hozirda 992 yevro. Agar Berlin kabi katta shaharlarda yashayotgan bo‘lsangiz, qo‘shimcha ravishda ijara subsidiyasi sifatida 350 yevrogacha to‘lov ham berilishi mumkin. Sog‘liqni sug‘urta qilish xarajatlari esa umuman talab qilinmaydi, chunki DAAD sug‘urta kompaniyalari bilan alohida shartnoma tuzgan hamda barcha sug‘urta xarajatlari ular tomonidan qoplanadi.
Shu bilan birga, eng katta xarajat doimo uy-joy bilan bog‘liq. Shaxsiy tajribamda, ijaraga oyiga taxminan 450 yevro sarflayman — bu stipendiyaning deyarli yarmini tashkil etadi. Har semestr boshida (6 oyda bir marta) 360 yevro miqdorida semestr to‘lovi ham mavjud bo‘lib, bu to‘lov DAAD tomonidan qoplanmaydi. Unga siz stipendiyangizdan mablag‘ ajratasiz.
Oziq-ovqat xarajatlari o‘rtacha oyiga 300 yevro atrofida. Transport masalasi esa ancha qulay hal qilingan: semestr to‘lovi ichiga mintaqaviy jamoat transportidan foydalanish huquqi kiritilgan bo‘ladi. Shu sababli butun semestr davomida avtobus, metro, tramvay va mahalliy poezdlardan bepul foydalanishingiz mumkin. Ba’zan hatto butun Germaniya bo‘ylab mintaqaviy poezdlarda qo‘shimcha xarajatsiz sayohat qilish imkoniyati ham bo‘ladi.
Umuman olganda, DAAD stipendiyasi nafaqat katta moliyaviy yordamni ta’minlaydi, balki talabalarga mustaqil yashash, samarali o‘qish va shaxsiy rivojlanish uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Eng muhimi, stipendiyadan soliq ushlanmaydi, bu esa uni yanada foydali qiladi.
Ishlash imkoniyati va tajriba
DAAD stipendiyasi bilan o‘qiyotgan talabalarga ishlashga ham ruxsat beriladi, lekin muhim bir qoida mavjud: ish faoliyatini boshlashdan oldin DAAD’dan ruxsat olish kerak. Ular sizning ishlashingiz o‘qishga xalaqit bermasligiga ishonch hosil qilishadi. Talabalarga haftasiga 20 soatgacha ishlash huquqi berilgan.
Agar oylik daromadingiz 570 yevrodan oshsa, stipendiya shunga qarab kamaytiriladi. Soliq masalasida esa qulay tizim mavjud: yiliga taxminan 12 ming yevrodan kam daromad qilgan bo‘lsangiz, soliqlarni to‘lash shart emas.
Foto: Shaxsiy arxiv
Men o‘qishga kelganimdan aniq bilardimki, birinchi semestrdan keyin ishlashni boshlayman. Shuning uchun mart oyida ish qidirishni boshladim, hatto xususiy kompaniyalarga intervyularga ham bordim. Biroq, oxir-oqibat o‘z diplom ishimni yozmoqchi bo‘lgan kafedrada — Entrepreneurial and Behavioral Decision Making bo‘limida student assistant sifatida ishlashni tanladim.
Hozir men haftasiga 10 soat ishlayman (ya'ni oyiga 40 soat), odatda haftada ikki kun, har safar 5 soatdan boraman. Maoshim taxminan 600 yevro.
Mening vazifalarim professorlar va kafedradagi boshqa o‘qituvchilarga yordam berishdan iborat. Masalan, laboratoriyamizda qaror qabul qilish tajribalari uchun foydalaniladigan dasturiy ta’minotni o‘rganayapman. Shuningdek, ilmiy tadqiqot ishlari uchun materiallarni izlash, maqolalarni ko‘rib chiqish, ma’lumotlarni tartibga solish kabi vazifalar ham yuklatiladi.
Eng asosiysi, ish talabalik hayotiga to‘siq bo‘layotgani yo‘q. Imtihonlar davri yaqinlashganda yuklama kamaytiriladi, shuning uchun o‘qish jarayoni to‘liq birinchi o‘rinda qoladi.
Germaniyaga kelmoqchi bo‘lganlarga maslahatlar
Germaniyada o‘qish va yashash katta imkoniyat, lekin bunga tayyorlanish ham oson emas. O‘z tajribamdan kelib chiqib, quyidagi 3 ta asosiy maslahatni beraman:
1. Oldindan tayyorgarlikni boshlang. Hujjat topshirish muddati, talab qilinadigan hujjatlar va til sertifikatlari haqida erta o‘ylash kerak. Men o‘z tayyorgarligimni yozdan boshladim va shuning uchun oxirida shoshilinch vaziyatlarga tushib qolmadim. Agar Germaniyada o‘qishni niyat qilgan bo‘lsangiz, kamida bir yil oldindan rejalashtirishni boshlang.
2. Nemis tilini imkon qadar erta o‘rganing. Ko‘p dasturlar ingliz tilida bo‘lsa ham, kundalik hayotda nemis tili juda muhim. Do‘konda, bankda, yoki oddiy hujjat topshirishda nemis tili sizga ko‘p narsani osonlashtiradi. Men o‘zim B2 darajaga ega bo‘lganim uchun Germaniyada til jihatidan katta qiyinchilik sezmadim.
3. O‘z maqsadingizni aniq biling. DAAD yoki boshqa stipendiya dasturlari uchun motivatsion maktub yozayotganda, “Nega Germaniya? Nega aynan shu dastur?”, degan savollarga qat’iy javobingiz bo‘lishi kerak. Chunki stipendiya komissiyasi sizdan faqat yaxshi o‘quvchi bo‘lishni emas, balki aniq maqsad va rejalarga ega inson bo‘lishingizni kutadi. Shuni unutmaslik kerak: chet elda o‘qish — bu maqsad emas, vosita.
Germaniyada o‘qish faqat stipendiya, universitet yoki shaharga ko‘chish emas. Bu o‘zingizni sinash, yangi dunyoqarashni shakllantirish va hayotingizdagi eng muhim qarorlarni mustaqil qabul qilish maktabidir.
Shuningdek, Germaniyada o‘qish jarayoni juda erkin, ammo aynan shu erkinlik mas’uliyatni talab qiladi. Hech kim sizni nazorat qilmaydi, darsga qatnashish majburiy emas, lekin natijada faqat bitta imtihon orqali barcha mehnatingiz baholanadi. Shuning uchun o‘qishga jiddiy yondashish kerak.
O‘z tajribamdan bildimki, qiyinchiliklar bo‘ladi — til, yangi muhit, mas’uliyat. Lekin har bir sinov sizni yanada kuchliroq qiladi. Siz nafaqat bilim olasiz, balki o‘zingizni ham qayta kashf qilasiz.
Foto: Shaxsiy arxiv
Shuning uchun kim orzu qilsa, hech ikkilanmasdan birinchi qadamni qo‘ysin. Orzularingiz sizni qo‘llab-quvvatlaydi, mehnatingiz esa manzilga yetkazadi.
Shunday qilib, DAAD ERP dasturi mening nafaqat ta’limimni, balki butun hayotimni o‘zgartirdi. Bu dastur menga o‘z orzularim sari qat’iy intilish, yangi imkoniyatlarga ochiq bo‘lish va kelajakka ishonch bilan qarashni o‘rgatdi.
Kelajakdagi rejalar
Kelajakda nima qilishimni aniq bilaman. Aynan shuning uchun decision-making kafedrasida ish boshladim. Syurix universitetida neyro iqtisodiyot bo‘yicha juda yaxshi PhD dasturini topdim va aynan shu sohada rivojlanishni xohlayman. Meni ayniqsa Syurixdagi maxsus laboratoriyalar qiziqtiradi. Ular qaror qabul qilish jarayonida miyadagi faoliyatni kuzatishga imkon beradi. Bu juda qiziqarli va yangi soha, chunki boshqa joylarda shunga o‘xshash dasturlar topilmadi.
Bundan tashqari, hozir fransuz tilini o‘rganyapnab bu menga keyinchalik Shveytsariyada ta’limimni davom ettirishda yordam beradi, deb o‘ylayman. Umuman olganda, menimcha, eksperimentlar va eksperimental fanlar rivojlanishi kerak.
Uzoq muddatli rejada, bir kun qaytib, O‘zbekistonda ham bu sohani rivojlantirishni xohlayman. Ishonamanki, chet elda olgan bilimlarim va tajribam bir kun kelib mamlakat ilmiy muhitiga ham o‘z hissasini qo‘shadi. Chunki eng katta orzum — o‘zimni rivojlantirish bilan birga, o‘z yurtimni ham yangi fanlar va imkoniyatlar bilan boyitishdir.