Avgust oyida uy-joy savdolari iyul oyiga nisbatan biroz pasaydi, ammo yillik hisobda bozor qariyb 13%ga o‘sdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida qayd etilgan.
2025-yil avgust oyi yakunlariga ko‘ra, uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni 25 mingtani tashkil etdi va o‘tgan oyga nisbatan 4,6% ga kamaydi.
Shu bilan birga, yillik hisobda bozor o‘sishni namoyon etmoqda, o‘tgan yilning avgustiga nisbatan bitimlar soni 13%ga oshdi.
Hududlar kesimida eng ko‘p bitimlar Sirdaryo (34%), Xorazm (29%) va Surxondaryo (27%) viloyatlarida qayd etildi.
Toshkentda ko‘chmas mulk bozori
Yillik hisobda avgust oyida ikkilamchi uy-joy bozorida o‘rtacha narxlar 2,3% ga pasaydi. Shu bilan birga, poytaxtda birlamchi uy-joy narxlari bir yil ichida mo‘tadil ravishda 0,7% ga oshdi.
O‘tgan oyga nisbatan Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar 0,2% ga oshdi.
Ikkilamchi uy-joy narxlarining eng sezilarli pasayishi Mirzo Ulug‘bek (-6,3%), Yashnobod (-4,4%) va Chilonzor (-4,6%) tumanlarida kuzatildi.
Shu bilan birga, yangi qurilgan uy-joylar segmentida eng yuqori narx o‘sishi Mirobod (6,6%), Yakkasaroy (3,6%) va Olmazor (2,6%) tumanlarida qayd etildi.
Toshkentda uy-joy ijarasi
Avgust oyida Toshkent shahrida ijara narxlarida barqarorlik kuzatildi. O‘rtacha ijara narxi avvalgi oylar darajasida saqlanib qoldi va bir kvadrat metr uchun $8ni tashkil etdi.
Poytaxtning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. Ushbu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha $10,3ni tashkil etadi.
Yillik hisobda Toshkent shahrida o‘rtacha ijara narxi 1,8% ga pasaydi. Eng sezilarli pasayish Uchtepa, Chilonzor va Bektemir tumanlarida qayd etildi.
Ikkillamchi uy-joy bozori
O‘zbekistonning ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar mo‘tadil dinamikani ko‘rsatdi. Iyul oyida 1,7%ga oshganidan so‘ng, avgust oyida bir kvadrat metr uchun o‘rtacha bozor narxi yana 1%ga ko‘tarildi. Yillik hisobda esa ikkilamchi bozordagi narxlar 4%ga o‘sdi.
Hududlar darajasida o‘tgan yil avgust oyidan buyon uy-joy narxlarining eng yuqori o‘sishi Jizzax (14%), Surxondaryo (17%) va Sirdaryo (10%) viloyatlarida kuzatildi.
Avvalroq Spot Markaziy bank O‘zbekistonning aksariyat hududlarida uy-joy narxlari oshishini prognoz qilayotgani haqida yozgandi.
Iyun oyi yakunlariga ko‘ra, birlamchi uy-joy narxlari yillik nisbatda 2,6% ga, ikkilamchi uy-joy narxlari esa 2,5% ga oshgan.