Toshkent shahrida ToshTech texnika universiteti tashkil etiladi. Bu haqda prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.

Universitet akademik, moliyaviy va tashkiliy-boshqaruv sohalarida mustaqil hisoblanadi. 2025/2026-o‘quv yilidan byudjetdan moliyalashtiriladigan 1 yillik tayyorlov kursi joriy etiladi.

2026/2027-o‘quv yilidan bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha taʼlim jarayoni yo‘lga qo‘yiladi. 2027/2028-o‘quv yilidan esa bosqichma-bosqich magistratura va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim bosqichlari joriy etiladi.

Universitetda taʼlim jarayoni davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida davlat va xorijiy tillarda amalga oshiriladi.

2029/2030-o‘quv yiligacha o‘qishga qabul qilingan talabalar to‘liq davlat granti asosida o‘qitiladi.

Joriy yilning may oyida Toshkent davlat texnika universiteti negizida Tashkent Tech universitetini tashkil etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonning 4ta hududida texnika universitetlari tashkil etilishi haqida yozgandi. Nukus, Buxoro, Farg‘ona va Namangandagi bunday universitetlarda yangi yo‘nalishlar ochilib, xorijiy dasturlar joriy qilinadi.