Joriy yilning sakkiz oy ichida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi havoning ifloslanishi bilan bog‘liq 281 ta qonunbuzarlikni aniqladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.

Hududlarda tuzilgan ishchi guruhlar 174 ta tungi reyd o‘tkazib, zararli chiqindilar chiqarishi mumkin bo‘lgan 1452 ta obyektni — issiqxonalar, sanoat korxonalari va boshqalarni hisobga oldi.

Natijada 154 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnomalar tuzildi, Ekologiya vazirligi esa 20 ta obyekt faoliyatini vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha sudga da’vo kiritdi.

Qayd etilishicha, aniqlangan 179 ta qonunbuzarlik bartaraf etilgan. Korxona egalari ekoinspektorlarning ko‘rsatmasiga binoan 11 ta zamonaviy qozon, 19 ta filtr va 12 ta chang tozalagich o‘rnatishdi.

Ekologiya vazirligi ma’lum qilishicha, 91 ta holat bo‘yicha ma’muriy jazo choralari qo‘llanildi. Bundan tashqari, 57 ta korxonaning faoliyati aniqlangan qonunbuzarliklar bartaraf etilgunga qadar to‘xtatib qo‘yildi.

Xususan, 2024−2025 yillar qishida vazirlik Toshkent atrofidagi 630 ta issiqxonani tekshirdi. Ularning 40 tasida rezina chiqindilari va avtomobil shinalarini yoqish holatlari aniqlandi.

Shuningdek, inspektorlar dudburonlardan foydalanishdagi qoidabuzarliklarni ham qayd etdi. Ekologik standartlarga javob bermaydigan 32 ta issiqxona faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha sudlarga da’volar kiritildi.

Ekologiya vazirligi shinalar tarkibida oltingugurt, uglevodorodlar, og‘ir metallar (simob, kadmiy, qo‘rg‘oshin) kabi zaharli moddalar mavjudligi sababli ularni yoqish juda xavfli ekanligini ta’kidladi. Bunday yonish jarayonida havoga dioksinlar, furanlar va boshqa zaharli birikmalar ajralib chiqadi.


Avvalroq Spot issiqxonalarga qishda gaz uchun 50% oldindan to‘lov qilishga ruxsat berilishi haqida yozgandi.

Shuningdek, issiqxonalar toifasidan qat’i nazar, yer solig‘ini qishloq xo‘jaligi yerlari uchun belgilangan stavka bo‘yicha to‘laydi.