Avvalroq 15-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida soha xodimlari bilan muloqot qilgani haqida xabar berilgandi.
Unda mamlakat iqtisodiyotiga yiliga $30−35 mlrd investitsiya, yangi yo‘nalishlar, zamonaviy texnologiyalar kirib kelayotgani, korxonalar ishga tushayotgani qayd etildi.
Shuning o‘zidan yiliga 250−300 ming atrofida yuqori daromadli ish o‘rinlari paydo bo‘lyapti. Bu yoshlar uchun qo‘shimcha imkoniyat ekani, ular texnologiya va xorijiy tillarni bilishi, kasbiy ko‘nikma va malakaga ega bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.
2026-yil yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatish yili bo‘lishi qayd etildi.
Buning uchun yangidan tashkil etilayotgan Kasbiy ta’lim agentligi va hokimlarning asosiy vazifasi barcha 598 ta texnikumga yangi muhit olib kirish va xalqaro standartlarni joriy qilish ekani aytildi.
Shuningdek, muloqotda bir yilda 100 ta texnikumda Germaniya, Shveysariya, Xitoy, Koreya, Britaniya kabi davlatlarning ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, ularning ilg‘or kasbiy ta’lim dasturlari joriy qilinishi belgilandi.
Kasbiy ko‘nikmasi bor istalgan talabgor ushbu texnikumlarda xorijiy davlatlarning malakani baholash tizimi orqali imtihondan o‘tib, xalqaro sertifikat olishi mumkin bo‘ladi.
Joriy o‘quv yilidan Angliyaning Pirson kompaniyasi bilan hududlardagi 14 ta texnikumda BITЕK xalqaro dasturi boshlandi. Bu orqali yoshlar xalqaro standartlar asosida turizm, IT, tibbiyot, qurilish, logistika, elektrotexnika, energetika, mashinasozlik, biotexnologiya, kreativ iqtisodiyot kabi yo‘nalishlarda talab yuqori kasblarni egallaydi.
Kelasi yili sanoatda qariyb $45 mlrdlik 456 ta yirik loyiha boshlanadi. “Investor — tarmoq — texnikum” zanjiri asosida texnikumlarda dual ta’lim yo‘lga qo‘yiladi.
Korxonalar bilan aniq loyihalari bo‘lgan texnikumlar o‘rtasida ustaxonalarni barpo qilish bo‘yicha tanlov o‘tkaziladi. Tanlov g‘oliblariga ustaxona uchun uskuna va jihozlar, sport anjomlari olib beriladi.
Shuningdek, muloqotda dual ta’lim bilan qamrov 5 barobar oshirilishi ta’kidlandi.
Hamkor korxonalarni rag‘batlantirish maqsadida ularga 5 mlrd so‘mgacha imtiyozli kredit ajratilib, dual ta’lim orqali ishlayotgan o‘quvchilar bo‘yicha yagona ijtimoiy to‘lov ikki barobar qisqartiriladi.
Ayni paytda yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish, xorijiy investorlar bilan erkin muloqot qilish uchun chet tillarini o‘qitish juda muhimligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois, texnikumlardagi xorijiy tillar uchun ajratilgan soatlar 4 karra ko‘paytiriladi.
Kelgusi yildan yangi raqamli platforma ishga tushirilib, unda texnikum bitiruvchilarining kasbiy ko‘nikmalari haqidagi barcha ma’lumotlar ham mahalliy, ham xorijiy ish beruvchilar uchun ochiq-oshkora bo‘ladi.
Avvalroq Spot o‘qituvchilarga ipoteka kreditining boshlang‘ich to‘lovi qoplab berilishi haqida yozgandi. Bu kelasi yildan joriy etilib, pedagoglar kamida 15 yil stajga ega hamda oliy toifali bo‘lishlari kerak. Ipoteka krediti uchun boshlang‘ich to‘lovning 25% i qoplanadi.