Avvalroq Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida soha xodimlari bilan muloqot o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.
Davlat rahbari texnikumdagi muallim va ustalarning malakasini, jamiyatdagi mavqeini oshirish bo‘yicha ham yangi tashabbuslarni ilgari surdi.
Jumladan, maktabdagi kabi texnikumlarning o‘qituvchi va ustalari uchun kasbiy sertifikatlash tizimi joriy qilinadi. Shu orqali texnikum ustozlariga milliy sertifikat uchun oyligining 30% i, xalqaro sertifikatga esa 50% i miqdorida ustama to‘lanadi.
Shu bilan birga, texnikum direktori va o‘rinbosarlariga maktab direktorlari bilan bir xil oylik beriladi. Agar ular “Direktorlar maktabi"da menejerlik sertifikatini olsa, yana qo‘shimcha 20% ustama to‘lanadi.
Endilikda texnikumlarda ham oliygohlardagi kabi ilmiy daraja va unvonlar uchun ustamalar to‘lash yo‘lga qo‘yiladi. Har yili 500 nafar muallim ilg‘or xorijiy taʼlim tashkilotlariga, yana 500 nafar ustalar esa chet eldagi yirik korxonalarga stajirovkaga yuboriladi.
Oxirgi sakkiz yilda oliygohlar soni 77 tadan 202 taga, jami talabalar soni 250 mingdan 1,5 mlnga yetgani taʼkidlandi.
Yaqinda ToshTech, Bauman universiteti filiali, Olmaliq davlat texnika institutini ochish bo‘yicha qarorlar imzolandi. Xorazmda Al-Xorazmiy universitetiga tamal toshi qo‘yildi. Qolgan hududlarda ham uning filiallari bo‘ladi.
Ilgari neft-gaz sohasidagi qidiruv ishlari faqat 2,5−3 ming metr chuqurlikda olib borilardi. Bu yil sanoat tarixida birinchi marta Ustyurtda 6,5 ming metr yer qaʼrini burg‘ulab, juda katta gaz zaxirasi topildi.
Dunyoda tellur, litiy, selen, grafit, molibden kabi texnologik minerallarga talab bir necha karra ko‘paymoqda. Tahlillarga ko‘ra, dunyodagi volfram, molibden, rux va titan zaxiralarining 10−15% i mintaqaga to‘g‘ri keladi.
Misol uchun, Irrigatsiya universiteti o‘qituvchisi Eʼzozbek Ozodov ixtiro qilgan “Yaroqsiz suvlarni tozalash raqamli uskunasi” mavjud analoglaridan 25% samarali ishlashi xalqaro darajada tan olindi. Hozirda bu uskunaga AQShning yirik korxonalaridan ko‘plab buyurtmalar olingan.
Yoki Transport universiteti professori Ziyoda Odilova lokomotivlar uchun dizel generatori va elektr tortish motoridan iborat gibrid tizimni ixtiro qildi. O‘zbekiston temir yo‘llari loyihani amaliyotga joriy qilish bo‘yicha ishlarni boshlab yuborgan.
Davlat rahbari ilm-fan va biznes vakillarini bir-biri bilan uchrashtirib, hamkorlikda ishlaydigan tizim qilinishini taʼkidladi.
Shuningdek, ixtirolarning tajriba-sinov ishlari uchun ketadigan xarajatlarni qoplashga qo‘shimcha 100 mlrd so‘m ajratilishi aytildi.
Avvalroq xususiy bog‘chalardagi tarbiyachilar oyligi va bola xarajatining bir qismi budjetdan qoplab berilishi haqida xabar berilgandi.