O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini qasddan va xavfli tarzda buzgan haydovchilar uchun javobgarlik kuchaytirilishi kutilmoqda. Bu haqdagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Taʼkidlanishicha, ayrim haydovchilar tomonidan yo‘l harakati qoidalariga rioya etmaslik, jumladan, transport vositasida qarama-qarshi harakatlanish, svetoforning taqiqlovchi chirog‘iga bo‘ysunmaslik yoki tezlikni me’yoridan oshirib boshqarish tufayli og‘ir oqibatli YTHlar soni ortib bormoqda.
Shuningdek, ayrim haydovchilar tomonidan yo‘l harakati qoidalariga bepisandlik bilan qarash, transportni boshqarish madaniyatiga amal qilmaslik, yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilariga nisbatan hurmatsizlik qilish holatlari ko‘rsatkichi kundan-kunga oshib bormoqda.
Qonun loyihasiga ko‘ra, tezlikni 40 km/soatdan ortiq kattalikda oshirgan, qizil chiroqqa bo‘ysunmagan, qarama-qarshi harakatlangan yoki avariya holati yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan haydovchilar bir oy davomida 10 marta shu ishni qilsa, 6 oyga haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilinadi.
Tezligini soatiga 100 km/soatdan ortiqqa oshirgan haydovchilar transport vositalarini boshqarish huquqidan olti oy muddatga mahrum qilinib, ularga BHMning 20 baravari (8,24 mln so‘m) miqdorida jarima solinadi.
Yuk avtomobillarining yo‘l chetida to‘xtab turishi yohud tashlab ketishi BHMning 5 baravari (2,06 mln so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Qizil chiroqqa bo‘ysunmagan, qarama-qarshi harakatlangan yoki avariya holati yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan haydovchilar ikki/besh marta jazo choralari qo‘llanilgandan keyin bir yil davomida sodir etilgan barcha yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarimani to‘liq to‘laydigan bo‘ladi, yaʼni 50% lik chegirmadan foydalana olmaydi.
Qonun loyihasining muhokamasi 25-sentabrga qadar davom etadi.
Avvalroq O‘zbekistonda uch oyda qariyb 70 ming nafar haydovchi jarima ballarini olgani haqida xabar berilgandi.