O‘zbekiston kompaniyasi Afg‘onistonda tabiiy gazni qidirish va qazib olish bilan shug‘ullanadi. Bu haqda Afg‘oniston Tog‘-kon sanoati va neft vazirligiga tayanib Tolonews mahalliy nashri xabar berdi.
14-sentabr kuni Afg‘onistonning KAM Group ko‘p tarmoqli biznes konglomerati va O‘zbekistonning Railcom kompaniyasi Toti-Maydan konida gaz qidirish va qazib olish bo‘yicha 25 yillik shartnoma imzoladi. O‘zbekiston tomonidan O‘zbekneftgaz boshqaruvi raisi Bahodirjon Sidiqov, energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Mamatkarimov va prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev ishtirok etdi.
Afg‘oniston hukumati raisi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Abdul G‘ani Barodarning ta’kidlashicha, loyiha ichki gaz talabini sezilarli darajada qondiradi, gaz va elektr energiyasi importiga qaramlikni kamaytiradi hamda gaz eksporti uchun imkoniyatlar yaratadi.
Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Mamatkarimov loyiha Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi yirik hamkorlikning boshlanishi ekanini qayd etdi. Unda ilg‘or texnologiyalar qo‘llaniladi hamda ekologik mulohazalar hisobga olinadi, dedi u.
Energetika vazirligi va O‘zbekneftgaz matbuot xizmati Afg‘onistonda gaz qazib olish bo‘yicha shartnoma imzolangani haqida rasman xabar bermagan.
Afg‘oniston Geologiya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Juzjon viloyatidagi Toti-Maydon gaz konlari 7500 kv.km maydonni egallaydi, ularda hozirda 30 ga yaqin quduqlar mavjud.
2024-yil may oyida O‘zbekiston kompaniyalari Afg‘onistonda neft qazib olishga qiziqish bildirgan edi. Masalan, Eriell Group uglevodorodlarga qiziqish bildirgan.
Oktabr oyida Afg‘oniston Tog‘-kon sanoati va neft vazirligi va O‘zbekistonning qandaydir kompaniyasi (nomi ko‘rsatilmagan) Shimoliy Juzjon viloyatidagi Toti-Maydon uchastkasida gaz razvedkasi va qazib olish bo‘yicha shartnoma imzoladi.
Shartnoma 10 yil muddatga tuzilgan. Birinchi yilda kompaniya $100 mln, o‘n yil ichida esa taxminan $1 mlrd investitsiya kiritadi. Dastlabki ikki yilda o‘zbekistonlik investor qazib olinayotgan gazdan 100 MVt elektr energiyasi ishlab chiqarmoqchi.
Joriy yilning fevral oyida bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev o‘zbekistonlik investorlar Afg‘oniston bilan neft va gaz konlarini qidirish va qazib olishda hamkorlik qilishga, sanoat sohasiga, jumladan, Samangan viloyatida sement zavodi tashkil etishga sarmoya kiritishga tayyorligini ma’lum qilgandi.
Shuningdek, bosh vazir o‘rinbosari Toti-Maydon gaz konini qidirishda “sezilarli yutuqlarga erishilganini” ta’kidladi, u yerda “yaqin kelajakda” qazib olish ishlari boshlanishi kutilmoqda.
Avgust oyida Afg‘oniston bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Mulla Abdul G‘ani Barodar va O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov energetika sohasidagi hamkorlikni muhokama qilgan edi.
Avvalroq Yaponiya Surxondaryo viloyatini rivojlantirishga $3,3 mln grant ajratishi haqida xabar berilgandi. Hududdagi yoshlar uchun biznes-inkubator tashkil etish, shuningdek, Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish markazini yangilash rejalashtirilgan.