Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida 1 278 gektar maydonda “Chimyon” xalqaro umummavsumiy kurorti barpo etilmoqda. Shavkat Mirziyoyev 15-sentyabr kuni mazkur turizm majmuasi imkoniyatlari bilan tanishdi.
Loyiha Fransiyaning MND kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Uning doirasida to‘liq mavsumiy turizmni taʼminlaydigan mehmonxonalar va dengiz sathidan 3 300 metr balandlikkacha osma dor yo‘li quriladi.
Bu yerda qishda chang‘i va snoubord, boshqa oylarda esa tog‘ sayyohligi va ko‘ngilochar hordiq imkoniyatlari paydo bo‘ladi. Davlat rahbari mehmonxona, restoran va savdo majmualarini ko‘zdan kechirdi.
Jumladan, 6 qavatli mehmonxona 320 nafar sayyohni qabul qilish imkoniyatiga ega. U Wyndham brendi bilan hamkorlikda boshqaruv yo‘lga qo‘yiladi. Mehmonxonani noyabrda ishga tushirish rejalashtirilgan. Unda yil davomida o‘rtacha 45 ming turistga xizmat ko‘rsatilishi kutilmoqda.
Hududdagi yana bir loyiha doirasida 7 va 5 qavatli apart-otellar, 7 qavatli mehmonxona hamda 2 qavatli restoran qurildi. Ularda xizmat sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish ko‘zda tutiligan. Yil davomida o‘rtacha 54 mingdan ziyod mehmonni qabul qilish mo‘ljallangan. 100 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi. Ayni paytda 6 ta shale qurilishi davom etmoqda.
Prezident yangi majmualar qurish va xizmat ko‘rsatishda ilg‘or tajribalarni qo‘llash, xodimlar malakasini oshirish muhimligini qayd etdi. Hududdagi imkoniyatlarni turizm platformalarida targ‘ib etib, mahalliy va xorijiy sayyohlarni faol jalb etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Shu yerda 300 ta avtomobilga mo‘ljallangan turargoh ham bor. Uning birinchi qavatida restoran, bolalar maydonchasi va savdo majmuasi tashkil etilgan.
Umummavsumiy kurort loyihasi doirasida avtomobil yo‘lida tunnel ham qurildi. Ushbu inshoot tarkibiga uzunligi 1 450 metr bo‘lgan asosiy yo‘l qismi, 2 ta ko‘prik va piyodalar yo‘laklari kiradi.
U hududdagi tog‘ kurortlariga olib boruvchi asosiy yo‘lni qisqartiradi. Xavfsizlikni oshirib, transportlar harakatini yengillashtiradi. Tunnel orqali soatiga 500 dan ziyod avtomashinalar xavfsiz va qulay harakatlanishi mumkin.
“Chimyon” xalqaro umummavsumiy kurorti
Chimyon umummavsumiy kurortini qurish bo‘yicha kelishuv Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil oktabr oyida Fransiyaga tashrifi chog‘ida imzolangan, 2021-yilning may oyida esa uni moliyalashtirish kelishib olingan edi.
Loyiha qiymati $269 mlnni tashkil etadi. Majmua uch bosqichda quriladi va uning umumiy qiymati qariyb $500 mlnni tashkil etadi.
Loyiha doirasida dam oluvchilarni 2,5 ming metr balandlikka ko‘tariladigan gondol tipidagi 10 kishilik oraliq osma yo‘li (maksimal quvvati — 2000 kishi/soat) va 3,3 ming metr balandlikka chiqadigan mayatnik tipidagi 80 kishilik asosiy osma yo‘li (maksimal sig‘imi — 800 kishi/soat) quriladi.
Kurort bunday inshootlarga ega bo‘lgan Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi eng baland nuqtaga aylanishi ta’kidlangan. Shuningdek, unda XXL Zip line, Alpine coaster, Adventure tower, Tubing, Via ferrata kabi 20 dan ortiq turdagi qishki va yozgi attraksionlar tashkil etiladi.
Umumiy uzunligi 20 km dan ortiq bo‘lgan turli darajadagi 11 ta chang‘i uchish joylari, 6000 nafar turistga mo‘ljallangan mehmonxona majmualari va kottejlar quriladi. Loyiha natijasida yiliga 3,1 mln kishiga xizmat qiladigan xalqaro umummavsumiy kurort tashkil etiladi hamda 451 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
2023-yilning avgustida prezident Chimyon umummavsumiy kurorti loyihasini tezlashtirish bo‘yicha tegishli qarorni imzolagan edi.
Bundan tashqari, MND kompaniyasi Shohimardonda 45 mln yevrolik turistik zona tashkil etishni rejalashtirmoqda. Uning doirasida tog‘li hududda arqon yo‘li, osma ko‘prik, ekstremal sakrash hududi, tomosha yo‘laklari va maydonlari, turli attraksionlar quriladi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda turistik obyektlarning tungi faoliyati tashkil etilishi haqida yozgandi.
“Montagne et Neige Développement“ tog‘larda loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha sanoat guruhi bo‘lib, shtab-kvartirasi Fransiya janubidagi Sent-Hélène-du-Lac shahrida joylashgan. Guruh 2004-yildan beri faoliyat yuritib kelmoqda. Kompaniya 49 mamlakatda 1,5 mingdan ortiq loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etdi.