O‘zbekistonda 750 dan ziyod fermer xo‘jaliklariga quyosh panellari orqali ishlaydigan kichik nasoslar hamda tomchilatib sug‘orish tizimlari joriy etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Chortoq tumanidagi Ayqiron-1 nasos stansiyasiga tashrifi chog‘ida taʼkidlandi.
Katta Namangan magistral kanalida joylashgan ushbu nasos orqali 815 gektar yer sug‘oriladi. Biroq agregatlar eskirib ketgani sababli samaradorlik past, isrofgarchilik ko‘p edi. Jumladan, har yili taxminan 6 mln kilovatt-soat elektr energiyasi sarflanardi.
Tadbirkor tomonidan DXSH asosida bu yerga energiya tejamkor agregat va zamonaviy uskunalar o‘rnatildi. Yangilangan tizim yiliga 40% gacha elektrni iqtisod qilish imkonini bermoqda.
Tejamkorlik bilan birga yangi nasoslarning suv chiqarish quvvati ham yuqori. Bu esa dalalarni sug‘orish ko‘lamini oshirib, hosildorlikni yaxshilashga xizmat qilishi qayd etildi.
Viloyatda 200 dan ortiq nasos stansiyasi bor. Ulardan 43 tasi Nammotors suv taʼminot korxonasiga DXSH asosida 10 yilga boshqaruvga berilgan. Bu jarayonga 40 mlrd so‘mlik investitsiya yo‘naltirilgan. Inshootlarga o‘rnatilayotgan nasos agregatlari mahalliylashtirilgan.
Davlat rahbari ikki yil ichida Ayqiron-1 tajribasi asosida viloyatdagi barcha nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish, buni mamlakatning boshqa hududlarida ham bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha topshiriq berdi.
Faqat texnologiyalarni yangilash bilan cheklanib qolmasdan, ularni malakali boshqarish va to‘g‘ri foydalanish ham muhimligi taʼkidlandi.
Avvalroq O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish va irrigatsiyani rivojlantirish dasturi tasdiqlangani haqida xabar berilgandi.