01

Kimlar olishi mumkin?

Ta’lim krediti oliy va professional ta’lim tashkilotlarida tahsil olish uchun faqat kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan talaba va o‘quvchilarga ajratiladi.

Shuningdek, ikkinchi va undan yuqori bosqich talabalari o‘zlashtirish ko‘rsatkichi (GPA) “3” dan past bo‘lsa, to‘lov-kontrakt summasining ko‘pi bilan 80%i miqdorida ta’lim krediti olishlari mumkin. Kredit kontraktning dastlabki 20%i talaba tomonidan to‘langandan keyin beriladi.

Agar talaba baholari “3” va undan yuqori yoki Ijtimoiy himoya yagona reyestri’ga kiritilgan oila a’zosi bo‘lsa, ta’lim krediti to‘lov-kontrakt summasi miqdorida ajratiladi.

02

Ariza qanday beriladi?

Arizalarni quyidagilardan biri orqali berish mumkin:

  • Iqtisodiyot va moliya vazirligining talim-krediti.mf.uz portali;
  • Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz);
  • yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri banklarga murojaat qilish orqali.

03

Qanday hujjatlar kerak?

Agar arizalar onlayn topshirilsa hech qanday hujjat talab qilinmaydi. Bunda talabaning o‘qish holati, kursi va ta’lim shakli avtomatik ravishda Hemis, kontrakt.edu.uz hamda prof.edu.uz orqali tekshiriladi.

Banklar orqali ta’lim krediti uchun ariza berishda quyidagi hujjatlarni taqdim etish kerak:

  • pasport yoki ID-karta;
  • daromadlar to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;
  • “Ijtimoiy himoya yagona reestri"ga kiritilganlik haqida ma’lumotnoma (tegishli bo‘lsa);
  • o‘qish shartnomasi (kontrakt) va unga ilova qilinadigan hisob varaqasi/fakturasi (mavjud bo‘lsa);
  • GPA bo‘yicha ma’lumotnoma (ikki va undan yuqori kurslar uchun);
  • to‘lov kvitansiyasi yoki ma’lumotnoma (GPA 3 dan past bo‘lsa);
  • ta’minot hujjatlari;
  • zarur hollarda boshqa hujjatlar.

04

Ta’lim krediti portali orqali ariza topshirish

Talaba ta’lim kreditiga ariza topshirish uchun talim-krediti.mf.uz saytiga kirishi lozim. Saytning o‘ng yuqori qismida joylashgan “Kirish” tugmasi bosilgandan so‘ng ikki xil bo‘lim chiqadi: “Talaba yoki kafil shaxs” hamda “Bank xodimlari uchun”. Bu yerda “Talaba yoki kafil shaxs” tugmasi tanlanadi.

Shundan so‘ng OneID oynasi ochiladi va u yerga tegishli login va parol kiritiladi. Agar siz OneID tizimidan ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsangiz, “Ro‘yxatdan o‘ting” tugmasi orqali yangi akkaunt ochish kerak bo‘ladi.

Login va parol kiritilgach, tizimda shaxsiy va oliy ta’lim muassasasi haqidagi ma’lumotlaringiz chiqadi. Ushbu ma’lumotlarni diqqat bilan tekshirib, xatoliklar yo‘qligiga ishonch hosil qilish zarur. Agar ma’lumotlar to‘g‘ri bo‘lsa, sahifaning yuqori o‘ng qismidagi “Ariza jo‘natish” tugmasi bosiladi. So‘ng ariza oynasi paydo bo‘ladi va unda viloyat, kredit olishni istagan bank, kredit summasi hamda kafil shaxsning JShShIR raqami kiritiladi.

Barcha maydonlar to‘ldirilgach, “Ariza jo‘natish” tugmasi bosiladi. Jo‘natilgan arizalar “Arizalarim” bo‘limida paydo bo‘ladi.

05

Kafilning roziligi

Talaba ariza topshirib bo‘lgach navbat kafil shaxs keladi. Kafil shaxs ham talim-krediti.mf.uz saytiga yuqoridagi tartibda tizimga kiradi. Tizimga kirgach, chap tomonda joylashgan “Kafil roziligi” bo‘limiga kirib, shartlar bilan tanishadi hamda rozi bo‘lsa “Tasdiqlash” tugmasini bosadi.

Agar kafil shaxs 24 soat ichida rozilik bermasa, ariza avtomatik tarzda bekor qilinadi.

Talabalar yuborgan arizalar bank tomonidan 5 kun ichida ko‘rib chiqiladi va bank xodimlari o‘zlari arizachilar bilan bog‘lanadilar. Agar talaba o‘zi bank bilan bog‘lanmoqchi bo‘lsa, ariza topshirgan bankning ishonch raqamiga qo‘ng‘iroq qilishi mumkin.

06

Yagona portal orqali ariza topshirish

My.gov.uz portali orqali ham ta’lim krediti olish uchun ariza topshirish mumkin. Buning uchun avvalo shaxsiy profilingizga kirasiz va qidiruv katakchasida “Talabalar uchun ta’lim krediti olish” xizmatini topib, shu tugmani bosasiz.

Keyin ekranda chiqqan “Xizmatdan foydalanish” tugmasini bosish kerak bo‘ladi. Shundan so‘ng ism, familiya va ta’lim krediti ajratilishiga oid talablar haqida ogohlantirish matni paydo bo‘ladi. Agar barcha ma’lumotlar to‘g‘ri bo‘lsa, “Keyingi” tugmasi bosiladi va jarayon davom ettiriladi.

07

Qaysi banklar kredit beradi?

Maqola nashr qilingan vaqtda 11ta bankda talabalar uchun ta’lim kreditlari ajratilmoqda. Kredit mablag‘lari 7 yildan 13 yilgacha, to‘lov-kontrakt shartnomasi summasidan kelib chiqqan holda beriladi.

Foiz stavkasi Markaziy bankning amaldagi asosiy stavkasi (hozirda — 14%) doirasida hisoblanadi. Agar asosiy stavkasi pasaysa, imtiyozli ta’lim krediti foiz stavkasi ham pasaytiriladi, asosiy stavka oshirilganda esa, kredit stavkasi ko‘tarilmaydi.

Xotin-qizlarga ajratilgan ta’lim krediti bo‘yicha foizlarini so‘ndirish Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Ta’lim krediti ajratuvchi banklar ro‘yxati bilan quyidagi jadval orqali tanishish mumkin:

Bank nomi
Foizi (xotin-qizlar uchun 0%)
Muddati
Xalq banki*
14%
O‘qish davri + 7,5 yil
Agrobank*
14%
Tamomlaganidan sо‘ng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida
MKBANK
14%
15 yil
Orient Finans bank*
14%
O‘qish davri + 7,5 yil
Asakabank*
14%
O‘qish davri + 7,5 yil
O‘zmilliybank
14%
O’qish davri + 6 oy
Aloqabank
14%
O‘qish davri + 7,5 yil
Hamkorbank*
14%
7 yil
Biznesni rivojlantirish banki
14%
O‘qish davri + 7,5 yil
Turon bank*
14%
O‘qish davri + 7,5 yil
O‘zsanoatqurilishbank*
14%
11 yil, 6 oy imtiyozli davr

E’tibor qarating: ma’lumotlar faqat nashr etilgan vaqtdagina aktual hisoblanadi va ma’lumot olish uchun taqdim etilgan. Aniq ma’lumotga ega bo‘lish uchun Spot to‘g‘ridan-to‘g‘ri bank bilan bog‘lanishni tavsiya qiladi.

* — xotin-qizlarga ajratilgan ta’lim krediti yillik 14% qilib belgilanadi va asosiy qarz uchun hisoblangan foizlar Iqtisodiyot va Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi tomonidan har uch oyda qoplab beriladi.