Niderlandiyalik hamkorlar ishtirokida Namanganda baliq ozuqasi ishlab chiqarilishi mumkin. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Shavkat Mirziyoyev Norin tumanidagi Fishvel Norin korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Kompaniya $3 mln hisobiga baliq yetishtirish bo‘yicha intensiv loyiha amalga oshirmoqda.
Ikki gektardan ziyod hududda 76 ta innovatsion havza tashkil etilib, shundan 40 tasi ishga tushirilgan, ularda super intensiv usulda gulmohi balig‘i yetishtirilmoqda. Bu yerda yiliga 2 ming tonna tansiq go‘sht yetishtirib, $5 mlnlik eksport qilish mo‘ljallangan.
Korxona mahalliy aholini baliq yetishtirishga o‘rgatyapti. Xo‘jaqo‘rg‘oncha mahallasidagi 25 ta xonadon klaster bilan kooperatsiya qilib, har biri yiliga 150 mln so‘mgacha daromad ko‘ryapti.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Norin va Uchqo‘rg‘on tumanlaridagi 100 ta oilani baliqchilikka jalb etish rejalashtirilgan. Jumladan, 2 ming tonna gulmohidan 500 tonnasi xonadonlarda yetishtiriladi. Natijada 300 dan ziyod kishi ish bilan taʼminlanadi.
Korxona yonida zamonaviy restoran ham barpo etildi. Unda baliqdan turli xil taomlar tayyorlanib, mehmonlarga taklif qilinadi. Bu turizm va boshqa xizmatlar kengayishiga ham hissa qo‘shyapti.
Prezident mutasaddilarga respublika bo‘yicha gulmohi yetishtirish mumkin bo‘lgan tumanlarni aniqlab, mazkur tizimni ommalashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Niderlandiyalik hamkorlar bilan baliq ozuqasi ishlab chiqarish, Norindagi tik quduqlar yonida sunʼiy hovuzlar o‘rnatib, aholiga bo‘lib berish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Ayni paytda Namangan viloyatida meliorativ quduqlar atrofida DXSH asosida yana 34 ta intensiv basseyn barpo etilgan. Baliq boqilgan suv minerallarga boyishi evaziga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda ishlatilmoqda. Bunda xorijlik mutaxassislar tajribasiga tayanilmoqda.
Shu yerda davlat rahbariga “Islohotlar shtabi” faoliyati yuzasidan axborot berildi. Tadbirkorlar bilan birgalikda $1 mlrdlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Ularning natijasida jami 12 ming ish o‘rni, byudjetga qo‘shimcha 200 mlrd so‘m tushum, $160 mln eksport manbai paydo bo‘ladi.
Jumladan, shunday manzilli ishlar orqali Mingbuloq va Norin tumanlari iqtisodiyotini yaxshilash ko‘zda tutilgan. Aholiga tayyor loyihalar berib hamda kasbga yo‘naltirib, bandligini taʼminlash choralari belgilangan.
Prezident Norin tumanidagi “Rasulov G‘ofurjon o‘g‘li Bahodir” fermer xo‘jaligi dalasida ham bo‘lib, paxta terimini ko‘zdan kechirdi.
Bu yerda xorijiy go‘za navi ekilib, yuqori hosil yetishtirilgan. Kimyoviy ishlov berishga uchuvchisiz apparatlar, terimga zamonaviy mashinalar jalb etilgan. Ular yordamida paxta nest-nobud qilinmay, toza terib olinyapti.
Avvalroq 2026-yili Namangan aeroportida $140 mlnlik yangi terminallar ishga tushirilishi haqida xabar berilgandi.