Avvalroq deputatlar islomiy bankni joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda maʼqullagani haqida xabar berilgandi.

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyev parlamentda so‘zga chiqib, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi qonunda banklarning bevosita savdo faoliyati bilan shug‘ullanishiga, yuridik shaxslarning tashkil etishi yoki ularning ustav kapitalida qatnashishiga taqiqlar mavjudligini bildirdi.

Bundan tashqari, Soliq kodeksiga asosan, tovarlarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma, QQS obyekti hisoblanishi, savdo orqali amalga oshirgan islomiy moliya xizmatlarining anʼanaviy xizmatlarga nisbatan qimmat bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Shu munosabat bilan, Markaziy bank Soliq va Fuqarolik kodekslariga, shuningdek, sakkizta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni taklif etmoqda. Takliflar Malayziya, Turkiya, BAA va qo‘shni davlatlar tajribasidan kelib chiqib tayyorlangan.

Xususan, qonun loyihasida “islomiy bank faoliyati”, “islomiy moliya faoliyati”, “islomiy moliya operatsiyalari”, “islomiy moliya standartlari” va “investitsiyaviy omonat” kabi tushunchalarni kiritish ko‘zda tutilgan.

Islomiy banklar uchun alohida litsenziya va uni olish uchun talablar joriy etilmoqda. Anʼanaviy banklarda ham tegishli litsenziya mavjud bo‘lgan taqdirda “islomiy darchalar” tashkil etish mumkin bo‘ladi.

Hujjatda Murobaha, Muzoraba, Mushoraka, Vakala va Salam kabi operatsiyalarning asosiy jihatlari belgilangan.

Markaziy bank islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlarga bevosita savdo faoliyatini amalga oshirish, yuridik shaxslarni tashkil etish va ularning ustav kapitalidagi ulushlar yoki aksiyalarni cheklovlarsiz sotib olishga ruxsat berishni taklif qilmoqda.

Shuningdek, Markaziy bank va banklar huzurida islomiy moliya kengashi tashkil etiladi. Loyihada ularning vazifalari va funksiyalari belgilanadi. Regulyatorga kredit muassasalari uchun islomiy moliya standartlarini tasdiqlash, banklarning islomiy moliya kengashi va uning aʼzolarini baholash vakolati beriladi.

Bank va mikromoliyaviy tashkilotlarning notarial harakatlari islomiy moliya standartlariga muvofiq mijozga berilgan mol-mulkka bo‘lgan huquqlarni rasmiylashtirishda davlat bojidan ozod etiladi. Shuningdek, O‘zbekistonda islomiy moliyaning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda alohida soliq rejimi joriy etilishi mumkin.

Markaziy bank raisi o‘rinbosarining taʼkidlashicha, qonun loyihasi islomiy banklar, “islomiy darchalar” va islomiy mikromoliyaviy tashkilotlarni tashkil etish imkoniyatlarini ochadi, shuningdek, aholi va biznes uchun muqobil moliyaviy vositalarni kengaytiradi.

Avvalroq Markaziy bank bitta fuqaro nomiga karta ochishdagi cheklovlarni o‘zgartirishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.