Toshkent issiqlik elektr markazi elektr hamda issiqlik energiyasi ishlab chiqarishda mazut yoqilg‘isidan voz kechib, to‘liq tabiiy gazga o‘tdi. Bu haqda Issiqlik elektr stansiyalari kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.

2024-yilda markazda umumiy quvvati 64 MVt bo‘lgan gaz-turbinalari foydalanishga topshirilishi natijasida 515 mln kVt/soat elektr va 630 Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarilmoqda.

Ekologik xavfsizlikni ta’minlash uchun markazdagi 3 ta gaz-turbinali qurilmalarga ekopostlar o‘rnatilgan. Ular yordamida atmosferaga chiqarilayotgan gazlar doimiy monitoring markazi tomonidan kuzatib boriladi hamda tahlil qilinadi.

Toshkent IEM direktori Rasul Shamsiyev korxona poytaxt iste’molchilarini 16% issiqlik hamda 12% elektr energiyasi bilan ta’minlashini qayd etdi. Qariyb 70% issiqlik energiyasi kogenratsiya sikli orqali olinadi. Elektrda yoqilg‘ining solishtirma sarfi 170 gramm, issiqlik energiyasida esa 175 kgni tashkil etadi.

“Markazimiz elektr hamda issiqlik energiyasini ishlab chiqarishda to‘liq tabiiy gazga moslashtirilgan. Mazut yoki boshqa turdagi yoqilg‘ilardan foydalanilmaydi”, — dedi u.

Issiqlik elektr stansiyalari Turkiyaning Iltekno kompaniyasi bilan birgalikda poytaxtning Chilonzor, Olmazor va Sergeli tumanlarida kogeneratsiya markazlarini ishga tushirdi. Ularda joriyi qilingan texnologiyalar orqali past bosimdagi tabiiy gaz asosida ham elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarish mumkin.

Kompaniya bunday qurilmalarni yana 7 ta tuman, jumladan, Mirzo Ulug‘bek, Yunsobod, Shayxontohur, Uchtepa, Mirobod, Yashnobod hamda Yangihayotda ham joriy etishni rejalashtirmoqda.

Fevral oyida prezident 2025-yil oxirigacha O‘zbekistonning barcha hududlarida issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan yoqilg‘i sifatida mazutdan foydalanishni taqiqlash bo‘yicha topshiriq bergandi. Bundan avariya va favqulodda vaziyatlar mustasno.

Iyul oyida Issiqlikta’minoti boshqaruvi raisi Ilhom To‘rayev 2025−2026 yilgi isitish mavsumida ham O‘zbekistonda mazutdan foydalanilishi mumkinligini ma’lum qildi. U mamlakatda kuz-qish mavsumida zaxira yoqilg‘isi sifatida mazutdan foydalanish to‘xtatilmaganini ta’kidladi. Undan foydalanish ob-havo sharoitlariga bog‘liq bo‘ladi.

Avvalroq Toshkentda issiq suv va issiqlik ta’minoti uchun tariflar oshirilishi haqida xabar berilgandi. Xalq deputatlari poytaxt kengashi issiq suv ta’minoti va isitish xizmatlari uchun yangi tariflarni tasdiqladi.