Raqamli texnologiyalar vazirligi biznesga sun’iy intellekt uchun GPU-klasterlarini davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosida birgalikda qurishni taklif qildi. Bu haqda 11-sentabr kuni TBC Talks. AI Edition tadbirida vazirning birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda har bir bank o‘z GPU-klasterini yaratishni rejalashtirmoqda. Muqobil sifatida u hamkorlik modelini taklif qildi: banklar mablag‘larning bir qismini asbob-uskunalar sotib olish uchun kredit shaklida ajratadi, shundan so‘ng birgalikda “shaffof biznes modeli” tuziladi. Raqamli texnologiyalar vazirligi, o‘z navbatida, GPU quvvatlarini sotib oladi va banklarga ularga kafolatlangan kirishni ta’minlaydi.
“Biz uchun bu — kafolatlangan mijoz. Bizda infratuzilmaga xizmat ko‘rsatadigan tajriba va mutaxassislar bor, shu bois siz resurslar tanqisligidan qo‘rqmasdan o‘z biznesingizni xavotirsiz davom ettirishingiz mumkin. Biz har qanday qo‘shimcha modellarni ko‘rib chiqishga tayyormiz — nafaqat odatda sotib olinadigan, balki sizning modellaringizni ishga tushirish uchun mos keladigan modellarni ham”, — dedi vazirning birinchi o‘rinbosari.
Shu bilan birga, Oleg Pekos bu DXSh mexanizmi bo‘lishini, bunda banklar ularga nima va qachon kerakligini bildiradi, idora esa texnologik maydon, elektr energiyasi va bu yo‘nalishdagi mutaxassislar bilan ta’minlaydi. “Natijada siz kafolatlangan ijaraga ega bo‘lasiz”, — qo‘shimcha qildi u.
Oleg Pekosning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt uchun GPU-klasterini yaratishda bitta server stendiga yetarli miqdorda elektr energiyasini ta’minlash kerak. Qo‘shimcha qiyinchiliklar uskunaning yuqori issiqlik ajratishi va sovutish zarurati bilan bog‘liq.
Iyul oyida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Nvidia chiplarida kichik GPU-klasteri ishga tushirilishini ma’lum qilgandi. U birinchi navbatda sog‘liqni saqlash sohasiga sun’iy intellektni joriy etish uchun ishlatiladi. Shuningdek, vazirlik katta klaster ustida ish olib bormoqda.