O‘zbekiston fuqarolari Saudiya Arabistoniga mavsumiy ishlarga jalb etilishi mumkin. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.
O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari Saudiya Arabistoni Inson resurslari va ijtimoiy rivojlanish vazirligining Jidda va Makka shaharlari boshqarmasi rahbari Abdulloh bin Abdurahmon Ismoil bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik, o‘zbekistonliklarni qonuniy tarzda ishga joylashtirish, ish beruvchi kompaniyalar bilan aloqalar o‘rnatish va boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.
Saudiya vakili Jidda va Makkada vaqtincha ishlayotgan fuqarolar soni juda kamligini qayd etdi. Muloqotda o‘zbekistonliklarni mamlakatdagi mavsumiy ishlarga joylashtirish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.
Tomonlar qurilish-muhandislik sohasi va Haj mavsumida qassoblarni jalb qilish masalasini o‘rganishga kelishib oldilar.
Shuningdek, Saudiya Arabistoni Inson resurslari va ijtimoiy rivojlanish vazirligi, ish beruvchi kompaniyalar, O‘zbekiston Bosh konsulxonasi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi vakillari ishtirokida onlayn uchrashuv tashkil etildi.
Unda mamlakatdan mavsumiy ishchilarni jalb etish masalalarini muhokama qilishga kelishildi.
Avvalroq 15-sentabrdan Buyuk Britaniyadagi mavsumiy ishlarga ro‘yxatdan o‘tish boshlangani haqida xabar berilgandi. Nomzodlar 18 yoshdan katta bo‘lishi va rus tilini yaxshi bilishi kerak. Ayollarga ustunlik beriladi.