Avvalroq prezidentning mamlakatning hudud, soha va tarmoqlarida raqamli texnologiyalar joriy etilishini tezlashtirishga qaratilgan qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan 2025-yil 1-noyabrdan fermer va dehqon xo‘jaligi hamda tadbirkorlarga suv taqsimlash bilan bog‘liq barcha ma‘muriy tartib-taomillar Suv hisobi yagona tizimi orqali elektron shaklda amalga oshiriladi.
Kelasi yildan boshlab Yagona portal orqali chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi bo‘yicha bir yilgacha bo‘lgan muddatga vaqtincha ro‘yxatga olish amaliyoti joriy etiladi.
Shuningdek, 2026-yil 1-dekabrgacha ta‘lim, sog‘liqni saqlash va sug‘urta sohalarida ma‘lumotlarning taqsimlangan reyestri joriy etiladi.
Bundan taqari, shu sanaga qadar Raqamli hukumat tizimining Oasis yagona raqamli platformasi ishlab chiqiladi.
Bu orqali davlat axborot tizimlarini yaratish va rivojlantirishda yagona texnologik yondashuv ta‘minlanadi. Shu bilan birga, modullarga asoslangan texnologiyalar yordamida axborot tizimlarini yaratish jarayonlari maqbullashtiriladi.
O‘z navbatida, davlat axborot tizimlarining moslashuvchanligi, xavfsizligi va samaradorligi oshiriladi.
2025-yil 1-noyabrdan YIDXPda jismoniy shaxslarning shaxsga doir maʼlumotlari ularning shaxsiy kabineti orqali real vaqt rejimida taqdim etilishi, bunda jismoniy shaxsning portaldagi shaxsga doir maʼlumotlari ularning qog‘oz shakliga tenglashtirilishi haqida xabar berilgandi.
Spot, avvalroq, Yagona portaldagi pulli xizmatlar bank va aloqa operatorlari ilovalariga ulanishi haqida yozgandi.