Namangandagi 49 ta texnikumda dual taʼlim tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda prezident raisligida o‘tkazilgan viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan yig‘ilishda taʼkidlandi.

Viloyat aholisi bir mlnlik shaharga aylanishida bog‘chalarni ko‘paytirish juda dolzarb ekani aytildi. Tadbirkorlar uchun belgilangan bir qator yengilliklardan foydalanib, Namangan shahrida bu yil 5 ming, keyingi yil 15 ming o‘rinli bog‘cha tashkil qilish muhimligi taʼkidlandi.

Namangandagi 49 ta texnikumga xorijiy standartlarni olib kelib, ularning barchasida dual taʼlimni yo‘lga qo‘yish topshirildi.

So‘nggi uch oyda “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida Namangandagi 48 ta tadbirkor 3 mingga yaqin o‘zgalar parvarishiga muhtoj katta yoshdagilarga qarab turish xizmatini yo‘lga qo‘ygan. Natijada ularga qarash bilan bog‘lanib qolgan 350 nafar aholi ishga chiqdi va daromadli bo‘ldi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligiga endilikda demensiya va Parkinson kabi kasalliklar bilan xasta odamlar uchun ham qarab turish xizmatini yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Shuningdek, kunduzgi parvarish xizmatlariga qo‘shimcha ravishda nogironligi bor bolalarni funksionalligini oshirishga qaratilgan reabilitatsiya va pedagogik xizmatlarni joriy etish muhimligi qayd etildi.

15-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida soha xodimlari bilan o’tkazgan muloqotida dual ta’lim uchun texnikumlarning hamkor korxonalariga imtiyozli kredit berilishi aytilgan edi. Jumladan, hamkor korxonalarni rag‘batlantirish maqsadida ularga 5 mlrd so‘mgacha imtiyozli kredit ajratilib, dual ta’lim orqali ishlayotgan o‘quvchilar bo‘yicha yagona ijtimoiy to‘lov ikki barobar qisqartiriladi.

Avvalroq Namangandagi Chortoq suv ombori atrofida turizm kompleksi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.