17-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev Namangan shahrida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” xalqaro forumining ochilishida nutq so‘zladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi. Tadbirda 30 dan ortiq tashkilot va 200 ga yaqin xalqaro ekspertlar ishtirok etmoqda.
Davlat rahbari mamlakat hududlarida infratuzilmani yaxshilash, odamlarga yashash uchun qulay sharoit yaratish ko‘p o‘lchovli kambag‘allikni qisqartirishda muhim qadam bo‘lishini qayd etdi.
Buning uchun qariyb 3,5 mln aholi yashaydigan sharoiti og‘ir 1 mingta mahallada infratuzilma yaxshilanmoqda. Natijada shu yilning o‘zida 470 ming xonadon tomorqasiga suv bordi, yana 790 ming xonadonda elektr energiyasi ta’minoti yaxshilandi.
Kelgusi yilda mahallalarda infratuzilmani yaxshilash, ish o‘rinlarini ko‘paytirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga yana $400 mln ajratiladi. 32 ta tuman va 328 ta og‘ir mahalla tanlanib, ularni rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi.
Shuningdek, 810 ta mahallada suv, kanalizatsiya, yo‘l, maktab va bog‘cha qurish bo‘yicha $1,3 mlrdlik loyihalar amalga oshiriladi. Uy-joyga muhtoj va daromadi past aholiga ipoteka tizimidan foydalanish uchun har yili $200 mln subsidiya ajratiladi.
Prezident xalqaro moliya institutlarini rivojlanayotgan mamlakatlarda infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishda kambag‘allikni qisqartirish talabini kiritishga chaqirdi.
Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda davlat xarajatlarining 70% dan ortig‘i aynan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun sarflanayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, global miqyosda ushbu maqsadlarga erishish uchun rivojlanayotgan davlatlarga yiliga $4 trlndan ziyod mablag‘ zarur.
Bunday sharoitda xavf-xatarlarni obyektiv baholash, moliyaviy resurslarni jalb qilish, ularning samaradorligini oshirish bo‘yicha “kambag‘allikka qarshi kurashning yangi moliyaviy arxitekturasi"ga ehtiyoj sezilayotgani qayd etildi.
Ushbu masalalarga yechim topish maqsadida prezident 2026-yilda Xiva shahrida xalqaro moliya institutlari, donor tashkilotlar va hamkor davlatlar ishtirokida yuqori darajadagi konferensiya o‘tkazishni taklif qildi.
Avvalroq O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 5,1% gacha kamaygani haqida xabar berilgandi. Yil boshidan buyon ko‘rsatkich 0,4% ga pasaygan. Bugungi kunda ishlashga tayyor fuqarolarning 14,6 mlni ish bilan band.