AQSh Davlat departamenti Green Card (Diversity Visa — turli millat vakillari uchun viza) lotereyasi uchun to‘lov joriy etdi. Bu haqda AQSh Federal reyestridan ma’lum bo‘ldi.
Konsullik ishlari byurosi xizmatlari uchun to‘lovlar jadvaliga kiritilayotgan o‘zgartirishlar bilan 2025-yil 16-sentabrdan boshlab DV dasturiga ro‘yxatdan o‘tish uchun $1 miqdorida to‘lov belgilandi.
Hozirgacha lotereya boshqaruvi xarajatlari faqat tanlab olingan arizachilardan olinadigan $330 miqdoridagi viza uchun ariza to‘loviga qo‘shib kelinardi. Endilikda bu xarajatlarning bir qismi bevosita barcha ishtirokchilardan olinadigan $1 miqdoridagi ro‘yxatdan o‘tish to‘lovi orqali qoplanadi.
Bu o‘zgarish orqali lotereyani boshqarish xarajatlari “yanada adolatli taqsimlanishi va asossiz arizalar kamayishi” kutilmoqda. Qayd etilishicha, bu dastur xarajatlarini bevosita undan foyda ko‘rishni istaganlarga yuklash orqali tizimni yanada shaffof qiladi.
Yangi qoidaga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tish to‘lovi elektron shaklda, AQSh hukumatining maxsus to‘lov portali orqali amalga oshiriladi.
Bunda Green Card qo‘lga kiritganlardan olinadigan ariza topshirish uchun to‘lovlar ($330) saqlanib qoladi, biroq unda lotereya tizimini yuritish xarajatlari hisobga olinmaydi.
2024-yilda Green Card uchun arizalar 2-oktabrdan 7-noyabrgacha qabul qilingandi. Dastur doirasida 2026-yil uchun turli millat vakillariga 55 mingtagacha vizalar ajratilishi belgilangan.