16-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yil boshidan viloyatga 1,2 mln xorijiy, 2 mln mahalliy sayyoh keldi, turizm eksporti $200 mlndan oshdi. Bunda har yili an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan Xalqaro gullar festivalining o‘rni katta ekani ta’kidlandi.
Viloyatda turizm infratuzilmasini rivojlantirish kerakligi aytildi. Lekin Namangandagi eng jozibali hududlardan biri — Chortoq tumani imkoniyatlari to‘liq ishga solinmayotgani qayd etildi.
Turistlar uchun onlayn ma’lumot olish, joyni oldindan band qilish kabi oddiy xizmatlar ham yo‘lga qo‘yilmagan. Davolanishga kelgan odamlar vaqtini mazmunli o‘tkazishi, madaniy hordiq chiqarishi uchun yetarli sharoit yaratilmagan.
Chortoqni butun yil davomida xizmat ko‘rsatadigan vodiyning turizm xabiga aylantirish topshirildi. Chortoqdagi loyihalar infratuzilmasi uchun $50 mln ajratilishi aytildi.
Jahon banki bilan O‘rta shaharlarni rivojlantirish loyihasi doirasida joriy yilda Furqat bog‘i rekonstruksiya qilinib, hududi qariyb 2 barobar kengaytiriladi, Chortoqsoy bo‘ylab 11 km uzunlikda piyodalar va velosiped eko-yo‘laklari quriladi.
Jadal kompleks rivojlantirish dasturi doirasida Chortoqsoy va Katta Namangan kanali qirg‘oqlarining 7 kilometri betonlashtirilib, 30 gektar yer foydali maydonga aylantiriladi.
Bu yerdagi ko‘p yillik bog‘lar bilan uyg‘un holda sanatoriy tipidagi yirik servis obyektlari barpo etiladi. Chortoq suv ombori atrofida turizm kompleksi, mehmonxona, restoran, dam olish va ko‘ngilochar maskanlar tashkil qilinadi.
Yana bir yirik loyiha — Pop tumanidagi Arashan ko‘li atrofida 1 200 gektar maydonda yiliga 1 mln sayyohni qabul qiladigan yirik turizm kompleksi barpo etiladi.
Turizm sohasidagi katta loyihalar uchun kadrlar tayyorlash maqsadida keyingi o‘quv yilidan Avstriyaning Krems universiteti bilan Namangan davlat universitetida qo‘shma fakultet tashkil qilinadi.
Avvalroq 2026-yili Namangan aeroportida $140 mlnlik yangi terminallar ishga tushirilishi haqida xabar berilgandi.