O‘zbekistonda 2026-yildan mahallalarda aholi bilan ishlash jarayonlari Raqamli mahalla platformasi orqali amalga oshiriladi. Bu haqda prezidentning tegishli qarorida belgilandi.
Qarorga ko‘ra, Raqamli hukumat dasturi doirasida 41 ta ustuvor loyihani ishga tushirish, elektron davlat xizmatlari ulushini 70% ga yetkazish tizimni 2025−2026-yillarda rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.
2025-yil 1-noyabrdan mobil aloqa operatorlari, tijorat banklari, to‘lov tashkilotlariga mobil ilovalar orqali Yagona portaldagi pulli elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.
2025-yil 1-dekabrdan NNTlarga Raqamli hukumat tizimining Idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali belgilangan tartibda elektron idoralararo hamkorlikni amalga oshirishga ruxsat beriladi.
Kelasi yildan fuqarolarning ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha murojaati, mahallalardagi oilalar va aholi maʼlumotlarini yuritish hamda mahallalarda aholi bilan ishlash jarayonlari Raqamli mahalla platformasi orqali amalga oshiriladi.
Joriy yilning iyul oyida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekistonda pullik davlat xizmatlari bank va to‘lov ilovalariga integratsiya qilinishini ma’lum qilgandi. Maqsad — barcha xizmatlarning kamida 70%i bitta platformada mavjudligini ta’minlash.
“Bu ilovalarning mijozlari ularning interfeysida ishlashga odatlangan. Bu foydalanuvchilarga uchinchi tomon platformalari orqali pullik davlat xizmatlarini olishda qo‘shimcha qulayliklar yaratadi”, — degan edi Shermatov.
Avvalroq prezidentning tegishli farmoni bilan joriy yilning 1-noyabridan Yagona portalda jismoniy shaxslarning belgilangan shaxsga doir maʼlumotlari ularning shaxsiy kabineti orqali real vaqt rejimida taqdim etilishi haqida xabar berilgandi.
