Avvalroq 17-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev Namangan shahrida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” xalqaro forumining ochilishida nutq so‘zlagani haqida xabar berilgandi.
Tadbirda O‘zbekistonda kambag‘allikka qarshi kurash davlat siyosati darajasiga olib chiqilib, umummilliy harakatga aylantirilgani qayd etildi.
Islohotlar natijasida 7,5 mln aholi kambag‘allikdan chiqarilib, 2024-yilda kambag‘allik darajasi 8,9% ga tushirildi. Yil yakunigacha uni 6% gacha kamaytirish maqsad qilingan.
Bunday natijaga erishishda o‘tgan davrda O‘zbekiston iqtisodiyoti 2 karra o‘sgani, yil yakuni bilan jon boshiga daromad $3,5 mingga yetishi muhim omil ekani qayd etildi.
Prezident yangi tashabbus va tajribalar sinovi hamda xorijiy ijobiy yutuqlarni o‘rganish orqali kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Yangi O‘zbekiston modeli yaratilganini ta’kidladi.
Masalan, pandemiya davrida 800 ming oilaga bepul dori-darmon, 255 ming oilaga oziq-ovqat mahsulotlari, yana 1,2 mln oilaga ijtimoiy nafaqalar berildi.
“Natijada 5,2 mln nafar odam “kambag‘allik qopqoni"ga tushib qolishdan himoya qilindi va shu bilan birga, iqtisodiy retsessiyaning oldi olindi”, deya qayd etiladi xabarda.
Shuningdek, prezident jamiyatning eng quyi bo‘g‘inigacha tushib, “mahallabay” ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilgani o‘zini har tomonlama oqlaganini ta’kidladi.
Har bir xonadon va oila bilan individual reja asosida ishlash, daromadini oshirish uchun yetarli resurs ajratilgani, mahallalarni obod qilish, odamlar hayotini yaxshilash va tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirishga har yili $2,5−3 mlrd yo‘naltirilishi aytildi.
Qishloq aholisini daromadli qilish uchun 235 ming gektar paxta va g‘alla maydoni qisqartirilib, odamlarga 30−50 sotixdan yer ajratishning yangi mexanizmi joriy qilindi. Natijada 800 ming odamning daromadini oshirildi. Lider tadbirkorlar ko‘magida tomorqada serdaromad ekinlarni ekish va kafolatli sotib olish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
“Bir so‘z bilan aytganda, har bir mahallaga biznes muhiti, har bir oilaga farovonlik kirib borganini odamlar o‘z hayotida his etmoqda. Bunday keng ko‘lamli sa’y-harakatlarimiz hisobiga O‘zbekiston 2030-yilga qadar kambag‘allikni 2 karra qisqartirish bo‘yicha olgan majburiyatini barvaqt bajarishga harakat qilyapti. 2030-yilga borib, xalqaro mezonlarga ko‘ra, O‘zbekistonda mutlaq kambag‘allikka to‘liq barham berishga barcha imkoniyatimiz bor”, — dedi prezident.
1-iyul holatiga O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 6,8%gacha pasaygan. Natijada ko‘rsatkich yil boshiga nisbatan 2,1 foiz punktga kamni tashkil etdi.
O‘tgan yilning avgustida mamlakatda 2027-yilgacha kambag‘allik darajasini 7% gacha qisqartirish rejalari ma’lum bo‘lgandi.
Avvalroq O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 5,1% gacha kamaygani haqida xabar berilgandi. Yil boshidan buyon ko‘rsatkich 0,4% ga pasaygan. Bugungi kunda ishlashga tayyor fuqarolarning 14,6 mlni ish bilan band.