Shavkat Mirziyoyev Namangan shahrida o‘tayotgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” xalqaro forumi doirasida Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Inmin Yangni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda O‘zbekistonda ushbu xalqaro moliyaviy institut bilan hamkorlikni chuqurlashtirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi. Keyingi yillarda hamkorlik yuqori darajaga chiqqani qayd etildi.
Hozirda “Yashil” energetika, transport, raqamli transformatsiya, ta’lim va boshqa yo‘nalishlardagi loyihalar portfeli $14 mlrdni tashkil etmoqda.
Mamlakat yetakchisi OTB bilan infratuzilma, davlat-xususiy sheriklik, biznes, ijtimoiy soha va kapital bozorini rivojlantirish bo‘yicha yangi loyihalarni o‘z ichiga olgan keng ko‘lamli strategik sheriklik dasturini tayyorlash muhimligini qayd etdi.
Kambag‘allikka qarshi kurashish, muhim minerallarni qayta ishlash, budjetni qo‘llab-quvvatlash, qo‘shma investitsiya platformasini yaratish bo‘yicha loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, bank Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish va uni 2026-yilda O‘zbekistonda o‘tkazish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Avvalroq OTB Qoraqalpog‘istondagi A380 yo‘lini qurish va ta’mirlash uchun $233 mln ajratishi haqida xabar berilgandi. Mablag‘lar G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu avtomobil yo‘lining taxminan 87 km qismini rekonstruksiya qilish va 75 km uzunlikdagi yangi To‘rtko‘l-Ellikqal'a-Beruniy aylanma yo‘li qurilishiga yo‘naltiriladi.