Toshkent shahrida N.E. Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filiali tashkil etiladi. Bu haqda prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan, filial faoliyatining asosiy yo‘nalishlari belgilandi. Jumladan:
- muhandislik sohasida innovatsion yondashuvlarni qo‘llay oladigan, chuqur ilmiy-texnik bilimlarga ega bo‘lgan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash;
- muhandislik sohasida fundamental va amaliy ilmiy-tadqiqotlar o‘tkazish.
Taʼlim faoliyati 2026/2027-o‘quv yilidan boshlanadi. Filialga talabalarni o‘qishga qabul qilish davlat granti hamda to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
2025/2026-o‘quv yilidan Moskva va Toshkent davlat texnika universitetlari hamkorligida magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qo‘shma taʼlim dasturlari asosida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Bitiruvchilarga O‘zbekistonda oliy maʼlumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan universitetning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.
2024-yilning mayida O‘zbekiston Oliy ta‘lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Rossiya Fan va oliy ta‘lim vazirligi o‘rtasida ushbu OTM filialini tashkil etish to‘g‘risida memorandum imzolangan edi.
Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida soha xodimlari bilan o‘tkazgan muloqotida Bauman universiteti filialini ochish bo‘yicha qaror imzolangani haqida taʼkidlagandi.
Avvalroq Toshkentda ToshTech texnika universiteti tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.