Avvalroq Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi IIV tomonidan muhokamaga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.

Loyihaga ko‘ra, utilizatsiyaga topshiriladigan yoki realizatsiya qilish maqsadida qismlarga bo‘linadigan transport vositalarini hisobdan chiqarish tartibini buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Yangi moddaga ko‘ra, utilizatsiyaga topshiriladigan yoki qismlarga bo‘lib sotish maqsadida davlat hisobidan chiqarilishi kerak bo‘lgan transport vositalari uchun belgilangan hujjatlar va davlat raqam belgilarini vakolatli organga topshirmagan holda utilizatsiya qilish yoki qismlarga ajratish qonunbuzarlik hisoblanadi.

Bunday holatda fuqarolarga — BHMning 5 baravari (2,06 mln so‘m), mansabdor shaxslarga esa — 10 baravari (4,12 mln so‘m) miqdorida jarima qo‘llanishi nazarda tutilmoqda.

Taʼkidlanishicha, 2024-yili avtomashinalarni taʼmirlash ustaxonalaridan davlat hisobidan chiqarilmagan 4609 ta davlat raqam belgilari topilgan.

Shuningdek, ustaxonalarda transport vositasini qayd etish guvohnomalari noqonuniy ravishda saqlanayotganligi aniqlanib, rasmiylashtirib olingan.

O‘tgan yil davomida fuqarolar avtomototransport vositalarini notarial ishonchnoma orqali yoki umuman hech qanday hujjatlarsiz sotib yuborgan holatlar uchragan. Ushbu avtomobillar yaroqsiz holga kelgani uchun utilizatsiyaga topshirilgan, ammo davlat hisobidan chiqarilmagan.

Ularga tegishli davlat raqam belgilari noqonuniy ravishda boshqa transport vositalariga o‘rnatilib, qoidabuzarliklar sodir etilgan. Natijada jarima qarorlari avvalgi egalar nomi bilan rasmiylashtirilgan va pul undirish choralari MIBlar tomonidan ularga nisbatan amalga oshirilgan.

Mazkur holat bo‘yicha IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga 215 ta, hududiy YHXX boshqarmalariga esa 2 870 ta murojaat kelib tushgan.

Shuningdek, fuqarolar avtomototransport vositalarini taʼmirlash ustaxonalaridan topib olingan davlat raqam belgilarini o‘zlarining transportlariga o‘rnatib, turli xil huquqbuzarliklar sodir etgan.

Masalan, M.Sh. ismli fuqaro boshqa transport vositasiga tegishli avtoraqamni o‘zining Malibu-2 avtomashinasiga o‘rnatib, 70 mln so‘mdan ortiq miqdordagi qoidabuzarliklar sodir etgan.

Qonun loyihasida qo‘shimcha qilinishicha, qonunchilikka ushbu qo‘shimchani kiritish orqali fuqarolar va davlatning manfaatlariga yetkaziladigan zarar hamda huquqbuzarliklar va jinoyatlar sodir etilishi oldi olinadi.

Avvalroq O‘zbekistonda muntazam qoidalarni buzgan haydovchilar guvohnomasidan mahrum bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.