Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi direktori o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov Spot muxbirining O‘zbekistondagi hozirgi dollar kursi bozor talabiga javob beradimi, degan savoliga javob berdi.

“Mening fikrimcha, dollar kursi bozor talabiga to‘liq javob bermaydi. Agar bu kurs nimaga asoslanganiga eʼtibor qaratsak, eksportning 38%i oltin yetkazib berishdan kelmoqda. Demak, oltin sotilishi kursni ushlab turishga yo‘naltirilgan. Bu esa to‘liq bozor kursi emasligini anglatadi. Bu mamlakat oltin tushumlaridan valyuta kursini ushlab turish uchun faol foydalanayotganining bilvosita belgisidir. Bozordagi talab va taklif asosan oltin sotish hisobiga qoplanmoqda. Mana shu holat bozor usullari to‘liq qo‘llanilmayotganini ko‘rsatadi”, — dedi u.

Abduqodirovning ta’kidlashicha, valyutalar almashuv kursida dollarning jahon bozoridagi xarid qobiliyati pasayishi aks etadi, biroq dollar boshqa valyutalarga nisbatan o‘zbek so‘miga qaraganda kuchliroq tushmoqda.

Bundan tashqari, u uzoq vaqt davomida almashuv kursining barqarorligiga eʼtibor qaratib, valyutaga bo‘lgan talab va taklif o‘zgarmayotgandek taassurot uyg‘onayotganini, aslida bunday emasligini qo‘shimcha qildi.

2025-yilning dastlabki sakkiz oyida milliy valyuta dollarga nisbatan 3,39% ga yoki 438 so‘mga qimmatlashdi.

Iqtisodchilar so‘mning mustahkamlanishi sabablarini turlicha baholamoqdalar. Yuliy Yusupov buni AQSh prezidenti Donald Tramp siyosati tufayli dollarning tushib ketgani bilan bog‘lasa, Mirkomil Xolboyev O‘zbekistonning ichki omillariga ham ishora qildi.

Kap Depo direktori Farrux Xo‘jayev so‘mning mustahkamlanishini “qisqa muddatli tuzatish” deb izohladi. Hozirgi sharoitda u xususiy sarmoyadorlar uchun dollarni sotish emas, balki sotib olishni “maqsadga muvofiqroq strategiya” deb hisoblaydi.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, so‘mning mustahkamlanishiga dollarning pasayishi ham, valyutaning qo‘shimcha kirib kelishi ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Yana bir omil — O‘zbekistonga importning sun’iy cheklanishi.

Avvalroq dollar kursi qariyb ikki yil oldingi darajaga — 12 254,27 so‘mga pasaygani haqida xabar berilgandi.