Toshkent shahridagi yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlar narxi haydovchilar orasida noroziliklarni keltirib chiqarmoqda. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yangi O‘zbekiston nashri o‘tkazgan so‘rovnomada ma’lum qilindi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, tizim ishga tushganiga uch oydan oshganiga qaramay, haydovchilar unga to‘liq moslashmagan. Ko‘chalarda bo‘sh pulli joylar mavjud bo‘lsa ham, ko‘pchilik mashinalarini belgilanmagan yoki taqiqlangan hududlarda qo‘ymoqda. Ular buni pulli avtoturargohlarning yuqori narxi bilan izohlamoqda.

Aholining aksariyat qismi narx ayniqsa avtomobilni uzoq vaqt davomida qo‘yishda qimmat bo‘lishini ta’kidlagan. Bundan tashqari, ko‘p qavatli uylar yonida pulli avtoturargohlarning tashkil etilishi ham e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

“Joylar bo‘shligining sababi aniq, narxlar qimmat. Avtomobilini kun bo‘yi pulli “parkovka"da qo‘yish o‘rtacha daromad topadigan oilalar uchun og‘irlik qiladi. Shuning uchun oldingi kabi bepul bo‘lishi kerak”, — deydi haydovchilardan biri.

Joriy yilning 8-may kuni Toshkentning Amir Temur xiyoboni, Mirobod, Shahrisabz, Istiqbol va Zarafshon kabi 6 ta sinov ko‘chasida yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlar loyihasi ishga tushirildi. Ikkinchi bosqichda, 30-iyungacha poytaxtning yana 30 ta ko‘chasida pulli avtoturargohlar joriy etilishi, iyul oyi oxirigacha esa 13 208 ta to‘xtash joyiga mo‘ljallangan nuqtalar 86 ta ko‘chada ishga tushishi belgilangandi.

Undan keyin to‘lovlar uchun Poytaxt Parking mobil ilovasi ishga tushirildi. O‘zbek, rus va ingliz tillari mavjud bo‘lgan ilovada to‘xtash sessiyasining davomiyligini tanlash mumkin, shundan kelib chiqib narx shakllanadi. Hozirda Toshkent beshta tarif zonasiga bo‘lingan bo‘lib, pulli “parkovka” narxi ushbu hududlar asosida soatiga 5 mingdan 12 ming so‘mgacha o‘zgaradi.

Yaqinda Toshkent shahar hokimligi pulli parkovkalar uchun rezidentlik ruxsatnomalari joriy etilishini ma’lum qildi. Ruxsatnoma egalari kechki va tungi paytlarda bepul, kunduzgi vaqtda esa chegirmali to‘xtash huquqiga ega bo‘ladi. Jarayonlarni noyabr oyigacha yakunlash rejalashtirilgan.

Undan keyin Poytaxt Parking operatori o‘zining Telegram-kanalida ko‘p qavatli uylar aholisi parkovkalardan haftaning dushanba-juma kunlari soat 20:00 dan ertalab soat 08:00 gacha hamda bayram kunlari bepul foydalanishlari mumkinligini tasdiqladi. Ruxsatnoma qanday olinishi va boshqa talablar haqida noyabr oyida ma’lum qilinadi.

Avvalroq Toshkent bozorlaridagi arzon mahsulot yarmarkalari kameralar orqali nazorat qilinishi haqida xabar berilgandi. Hozirgi kunda Mirobod dehqon bozori hamda Eski Juva bozorida kuzatuv kameralari o‘rnatildi.