Avvalroq prezidentning mamlakatning hudud, soha va tarmoqlarida raqamli texnologiyalar joriy etilishini tezlashtirishga qaratilgan qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, 2025-yil 1-noyabrdan Raqamli startaplar dasturi va Markaziy bankning “tartibga solish qumdoni"da ishtirok etuvchi loyihalarga Raqamli hukumat tizimidan bir yil bepul foydalanish imkoniyati taqdim etiladi.

Bunda tizimning Raqamli ma‘lumotlar platformasidan axborot xavfsizligi talablari va belgilangan tartibga rioya qilish lozim.

Shuningdek, xorijdagi diplomatik vakolatxonalar O‘zbekiston konsulliklari orqali IT Park rezidentlari mutaxassislariga masofadan turib bank hisobvaraqlari va onlayn bank kartalarini ochishga ruxsat beriladi.

O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini olgan IT-park rezidentlarining xorijiy mutaxassislari uchun masofadan turib bank hisobvaraqlari hamda onlayn bank kartalarini ochishga ruxsat beriladi.

2026-yildan IT Park rezidentlari eksport tushumlari hisobidan reklama va dasturiy ta‘minot obunalari uchun to‘lovlarni korporativ kartalar orqali yiliga $500 minggacha amalga oshirishi mumkin.

Bunda reklama Hukumat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatga kiritilgan 100 mlndan ortiq auditoriyaga ega axborot resurslari va tizimlarida joylashtirilishi kerak.

Shu bilan birga, reklama xizmatlari va dasturiy ta‘minot obunalari bo‘yicha ommaviy oferta, invoys va to‘lov ma‘lumotlari E-contract tizimiga kiritiladi. Bundan umumiy summasi $5 minggacha bo‘lgan xarajatlar mustasno. Shuningdek, ular debitorlik qarz sifatida ham hisobga olinmaydi.

Yaratilgan dasturiy mahsulot obunasi uchun xorijdan keladigan to‘lovlarni tizimga kiritmasdan, ommaviy oferta orqali qabul qilish mumkin bo‘ladi.

2023-yilning may oyida hukumat yuridik shaxslarga xorijiy ijtimoiy tarmoqlardagi reklama uchun to‘lovlarni korporativ bank kartalaridan amalga oshirishga ruxsat bergan edi.

Avvlaroq O‘zbekistonda 2026-yildan xorijliklarni onlayn vaqtincha ro‘yxatga olish joriy etilishi haqida xabar berilgan edi.