Avvalroq 16-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Prezident viloyatda yo‘l, ichimlik suvi, uy-joy kabi hayotiy zarur infratuzilmani rivojlantirish eng dolzarb masalalardan ekanini ta’kidladi.
Uychi, Uchqo‘rg‘on va Norin tumanlari aholisini viloyat markazi va boshqa tumanlar bilan bog‘lovchi asosiy yo‘ldagi tirbandlik qiynab kelayotgan edi. 63 mlrd so‘m hisobiga Norin daryosi ustidan 480 metr uzunlikdagi yangi ko‘prik qurilmoqda. Uychi orqali Uchqo‘rg‘on va Norin tumanlari markaziga yetib borish 20−25 kmga, Norindan Baliqchiga 35−40 kmga qisqaradi.
Qoradaryo ustidagi 63 yil oldin qurilgan Namangan va Andijon viloyatlarini bog‘lovchi 180 metrli eski ko‘prikni rekonstruksiya qilish natijasida transport qatnovi 2 barobar oshadi, yo‘lga ketadigan vaqt 1,5 karra qisqaradi, tirbandlik keskin kamayadi. Mutasaddilarga 2 ta ko‘prikni 2026-yilda ishga tushirish, 694 km yo‘l va mahallalardagi 7 ta kichik ko‘prikni ta’mirlashni joriy yilda yakunlash topshirildi.
Viloyat markazini poytaxt bilan bog‘laydigan, kuniga 15 ming transport harakatlanadigan Pungon-Namangan yo‘lining 75 kilometri rekonstruksiya qilinadi. Bu yo‘l $246 mln hisobiga 4 tasmali, beton qoplamali qilib quriladi, 34 ta ko‘prik, 22 ta piyodalar o‘tish joylari barpo etiladi.
Namangandagi 30 ta mahallaga markazlashgan ichimlik suvi yetib bormagani, mavjud tarmoqlarning 21%i ta’mirtalab holatda ekani ko‘rsatib o‘tildi. Kanalizatsiya bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ham murojaatlar ko‘p.
Shuning uchun bu yil viloyatda suv tizimini yaxshilashga 800 mlrd so‘m ajratildi. Mutasaddilarga yil yakunigacha 130 kilometr suv va kanalizatsiya tarmog‘i, 11 ta suv inshooti qurilishini yakunlab, foydalanishga topshirish vazifa qilib qo‘yildi.
Namangan shahri aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlovchi 70 yil oldin qurilgan Kurashxona suv inshooti bugungi kunda 50% dan kam quvvatda ishlamoqda. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda bu inshoot rekonstruksiya qilinishi belgilandi.
Chust, Pop, Mingbuloq va Namangan tumanlarida suv va kanalizatsiya tizimini yaxshilash bo‘yicha loyiha hujjatlarini yakunlash topshirildi.
Avvalroq Namangandagi 49 ta texnikumda dual taʼlim yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi.