O‘zbekiston fuqarolari uchun Britaniyada mavsumiy ish kvotalari oshiriladi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Londonda agentlik direktori Behzod Musayev, O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Ravshan Usmanov hamda Britaniyaning Association of Labour Providers (ALP — Mehnat ta’minotchilari uyushmasi) bosh direktori David Camp bilan uchrashuv o‘tkazildi.

“O‘zbekiston Migratsiya agentligi bilan o‘zbekistonlik yoshlarni Angliya korxonalariga ishga joylashtirishdagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga tayyormiz”, — deya ta’kidladi uyushma direktori.

Tomonlar Britaniyaning mavsumiy ishchilar dasturi bo‘yicha o‘zbekistonliklar uchun kvotalarni oshirish, yangi mavsumiy operatorlar bilan shartnomalar tuzish hamda fuqarolarni xavfsiz va tashkillashtirilgan holda ishga yollash yuzasidan kelishuvga erishildi.

Bungacha, Londonda Gangmasters and Labour Abuse Authority (GLAA — Mehnatni suiiste’mol qilishga qarshi kurashish tashkiloti) bosh direktori Eliza Makeffri bilan uchrashuv tashkil etilgandi.

Migratsiya agentligi va kompaniya o‘rtasida mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Hujjat Buyuk Britaniyaning bir qator rekruting kompaniyalarini jalb qilgan holda, O‘zbekistonga beriladigan mehnat kvotalarini ko‘paytirish hamda mamlakatda ishlayotgan fuqarolar huquqlarini himoya qilish imkonini berishi qayd etildi.

Avvalroq 15-sentabrdan Buyuk Britaniyadagi mavsumiy ishlarga ro‘yxatdan o‘tish boshlangani haqida xabar berilgandi. Nomzodlar 18 yoshdan katta bo‘lishi va rus tilini yaxshi bilishi kerak. Ayollarga ustunlik beriladi.

Kompaniyalar haqida.

ALP — Buyuk Britaniyaning mavsumiy ishlar, oziq-ovqat, sanoat, logistika kabi sohalarda ishchilarni yetkazib beruvchi va manfaatlarini qo‘llab quvvatlovchi tashkiloti. Ushbu uyushmaga 300 dan ziyod yirik kompaniyalar a’zo hisoblanadi.

GLAA — Britaniyaning davlat nazorat organi hisoblanib, u qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalardagi xususiy bandlik va rekruting agentliklariga litsenziya beruvchi va ularni faoliyatini nazorat qiluvchi tashkilot.