Reklama qonunchiligi buzilishi yuzasidan 1Fit‘ga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llanildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.

Qo‘mita olib borgan reklama qonunchiliga rioya qilish yuzasidan monitoring ishlarida 1Fit korxonasi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan reklamalarda bo‘rttiruvchi maʼno ifodalanganlik holatlari aniqlandi.

Qo‘mita maxsus komissiyasi tomonidan korxonaga nisbatan “Reklama to‘g‘risida"gi qonun talablari buzilishi alomatlari bilan ish qo‘zg‘atildi. Natijasi yuzasidan esa moliyaviy jarima qo‘llash xaqida qaror qabul qilindi.

Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ko‘rsatma berildi.

Maxsus komissiya qaroridan norozi bo‘lgan tomon qo‘mitaning apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga egaligi qo‘shimcha qilindi.

Joriy yilning iyulida Raqobat qo‘mitasi reklama qonunchiligini buzgani uchun 17 ta kompaniyani jarimaga tortgandi.

Avgust oyida bukmekerlik xizmatlarini reklama qilgan yana ikki bloger javobgarlikka tortilgani haqida xabar berilgandi. Ular sahifalariga Melbet tovar belgisidan foydalanib qimor o‘yinlarini targ‘ib qiluvchi sahna ko‘rinishlari mavjud videolar joylashtirgan.

Avvalroq Raqobat qo‘mitasi aralashuvidan so‘ng Navoiyda mehmonxonaga gaz bo‘yicha hisoblangan 68 mln so‘m penya bekor qilingandi.