9-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan maktabgacha va maktab ta‘limi sohasidagi islohotlar ijrosi va kelgusidagi vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida 2026-yildan boshlab O‘zbekiston umumta’lim maktablarining yuqori sinflari uchun sun’iy intellekt bo‘yicha darslar kiritilishi ma’lum qilindi.

Shu bilan birga, 2 mingta sinf xonani kompyuter, 6 300 ta interfaol doska bilan jihozlash uchun zarur mablag‘larni kelasi yilgi budjetda nazarda tutish vazifasi berildi.

Iqtidorli o‘quvchilar uchun viloyatlarda IT’ga ixtisoslashgan Al-Xorazmiy, muhandislik bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek, tabiiy fanlar yo‘nalishida Ibn Sino maktablari filiallari tashkil etiladi. Ularning bitiruvchilari oliygohlarning 2-kursiga qabul qilinadi.

Darslarning qanday tashkil etilishi, qaysi dastur asosida olib borilishi va tizim amalda qachondan boshlab joriy etilishi hozircha noma’lum.

Spot tashabbusni huquqshunos va texnologik siyosat bo‘yicha mutaxassis Ammar Yunus bilan muhokama qildi. U o‘z ruknida sun’iy intellektni o‘rgatish rasmiyatchilik emas, balki haqiqiy rivojlanish vositasiga aylanishi uchun nima qilish kerakligi haqida mulohaza yuritadi.


ammar yunus, maktab, sun’iy intellekt, ta'lim, maktab ta'limi

Ammar Yunas,

Central Asia Tech Law asoschisi, AI Mo Innovation Consultants va Ai Mo Lawyers bosh direktori, TDYUning taklif etilgan professori va Xitoydagi Uzoq muddatli sun’iy intellekt markazi tadqiqotchisi.

Maktablarda sun’iy intellektni joriy etish to‘g‘risidagi qaror dadil va kelajakka qaratilgan taklif sifatida taqdim etildi. Bu qaror intellektual texnologiyalar asosiy rol o‘ynaydigan dunyoga kelajak avlodni tayyorlashga bo‘lgan intilishni aks ettiradi.

O‘zbekiston o‘quvchilari texnologiyalarni faqat iste’mol qilmay, balki yaratishda ham faol bo‘lishini istaydi. Bu juda ijobiy fikr, biroq mamlakat ta’lim tizimi bunday o‘zgarishlarga qanchalik tayyor — bu savol ochiqligicha qolmoqda.

Bu reja minglab sinflarni kompyuter va interaktiv doskalar bilan ta’minlashni talab qiladi. Biroq avvalgi islohotlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, sinfda texnika mavjudligi o‘z-o‘zidan ta’lim sifati yaxshi ekanligini anglatmaydi. Ko‘pincha uskunalar “ishlatilmasdan” qolib ketadi — bu o‘qituvchilarning tayyorgarligi pastligi, o‘quv dasturlarining zaifligi va texnik xizmatning sustligi sabab bo‘ladi. Shu bois, tashabbus tashqi ko‘rinishga urg‘u berib, mazmuniy jihatni “soyalab” qo‘yishi mumkin. O‘zbekistonga haqiqatan nima kerakligini mamlakat rahbariyati belgilaydi, ammo ustuvor yo‘nalishlar allaqachon yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Asosiy masalalardan yana biri o‘qituvchilarni tayyorlash. Sun’iy intellekt bilimlar nisbatan barqaror bo‘lgan matematikaga o‘xshamaydi. Aksincha, bu juda tez rivojlanayotgan yo‘nalish bo‘lib, mutaxassislar doimo o‘z bilim va ko‘nikmalarini yangilab borishni talab qiladi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda nechta o‘qituvchi mashinali o‘rganish mohiyatini ishonch bilan tushuntirib bera oladi yoki yuzni tanib olishga oid algoritmik noxolisliklar va etik masalalarni muhokama qila oladi? Agar kadrlar tayyorlashga jiddiy va uzoq muddatli sarmoyalar yo‘naltirilmasa, maktablarda sun’iy intellektni joriy etish mazmunli qadam emas, balki faqat ramziy tashabbus bo‘lib qolishi mumkin.

Eng dolzarb masalalardan biri qadriyatlar hisoblanadi. Yoshlarni sun’iy intellektni dasturlashga o‘rgatishdan avval, uning oqibatlarini tanqidiy mushohada qilishni o‘rgatish zarur. Aks holda, hikmatsiz bilim zarar keltirishi mumkin. O‘tmishda ta’lim an’analari — musulmon olamidagi madrasalardan tortib, Osiyodagi konfutsiylik akademiyalarigacha — ma’naviy va falsafiy tayyorgarlikni texnik ixtisoslikdan ustun qo‘ygan. O‘zbekistonning sun’iy intellekt sohasidagi rejalari ham ayan shu tamoyilga amal qilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi: avvalo mas’uliyat tuyg‘usini singdirib, keyin kuch berish.

Bu yerda nafaqat milliy, balki mintaqaviy xavf-xatarlar ham bor. Markaziy Osiyo davlatlari raqamli sohada yetakchilikka intilmoqda. Masalan, Qozog‘iston ommaviy ta’limni shoshma-shosharlik bilan joriy etishdan ko‘ra, universitetlar qoshida sun’iy intellekt markazlari tashkil etib, iqtidorli talabalarning kichik guruhlarini chuqurlashtirilgan o‘qitishga e’tibor qaratmoqda. Qirg‘iziston esa raqamli savodxonlik va dasturlash bo‘yicha qisqa muddatli jadal kurslarni ustuvor yo‘nalish sifatida tanlagan.

Hatto dunyoda hali hech bir mamlakat sun’iy intellektni alohida maktab fani sifatida joriy etmagan — Xitoy, Singapur va Buyuk Britaniya kabi mamlakatlar sun’iy intellekt tushunchalarini mavjud STEM dasturlariga bosqichma-bosqich kiritishdan boshlaydi, bunda dastlab o‘qituvchilarni tayyorlashga sarmoya kiritadi. Shu ma’noda, O‘zbekiston umuman ortda qolayotgani yo‘q, aksincha, ko‘plab mamlakatlarga nisbatan tezroq harakat qilmoqda. Ammo tayyorgarliksiz ambitsiyalar haqiqiy natijalardan ko‘ra ko‘proq shov-shuvli sarlavhalarga xizmat qilishi mumkin.

Tengsizlik masalasi ham dolzarb. Al-Xorazmiy va Ulug‘bek kabi buyuk allomalar nomi bilan ataluvchi ixtisoslashtirilgan maktablar mablag‘ va e’tiborga ega bo‘layotgan bir paytda, ko‘plab qishloq maktablari hali ham yetarli moliyalashtirilmagan va jihozlanmagan. Minglab o‘quvchilar maktabga hanuz bir necha kilometr masofani bosib borishga majbur. Ular uchun interaktiv doskalar va sun’iy intellekt darslari hozircha faqat uzoq kelajakning va’dasidek tuyuladi.

Bugungi kunda O‘zbekistondagi ko‘plab xususiy maktablar rus, Amerika yoki Britaniya ta’lim dasturlariga asoslangan o‘qitishni taklif qilmoqda. Jamiyatda esa “oilada yetarli mablag‘ bo‘lsagina, bola shunday maktabda o‘qiy oladi”, degan qarash mavjud. Agar sun’iy intellekt ta’limi tizimi puxta ishlab chiqilmasa, u elita va oddiy maktablar o‘rtasidagi tafovutni yanada chuqurlashtirishi mumkin.

Yaqin o‘tmishdan ham saboq olish mumkin. Bir necha yil oldin O‘zbekiston “One Million Uzbek Coders” loyihasini keng miqyosda ishga tushirdi. Maqsad yangi raqamli mutaxassislar avlodini tarbiyalash edi, ammo loyiha oxir-oqibat ko‘zga tashlanmay qoldi: ko‘pchilik ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa-da, faqat ozchilik haqiqiy ko‘nikma hosil qildi, ekotizim esa ularni o‘z ichiga singdira olmadi. Bu tajriba shuni ko‘rsatadiki, ulkan raqamlarni e’lon qilish oson, ammo haqiqiy natijaga erishish ancha mushkul.

Bu, albatta, sun’iy intellekt ta’lim tizimida umuman bo‘lmasligi kerak degani emas. Aksincha, bo‘lishi zarur. Biroq uni butun mamlakat bo‘ylab keng joriy etishdan oldin, avvalo o‘qituvchilarni tayyorlash, quyi sinflarda odob-axloq va tanqidiy fikrlashni o‘rgatish hamda ayrim maktablarda tajriba-sinov dasturlarini yo‘lga qo‘yish oqilona yo‘l bo‘lardi. Eng muhimi, shundoq ham qiyin sharoitda faoliyat yuritayotgan qishloq maktablarini e’tibordan chetda qoldirmay, ularni alohida qo‘llab-quvvatlash lozim.

Bosqichma-bosqich va izchil yondashuv: avval raqamli savodxonlikni shakllantirish, keyin sun’iy intellekt asoslarini o‘rgatish, undan so‘ng esa universitetlarda chuqurlashtirilgan ta’limni yo‘lga qo‘yish yanada barqaror va inklyuziv natijani ta’minlashi mumkin.

O‘zbekiston sun’iy intellektni haqli ravishda kelajak tili deb biladi. Ammo bolalar bu tilda erkin so‘zlashishidan oldin, avvalo etika va mas’uliyat lug‘atini o‘zlashtirishlari lozim. Tayyorgarliksiz tashabbuslar e’tiborni tortishi mumkin, biroq faqat puxta rejalashtirilgan va izchil amalga oshirilgan harakatlar barqaror, haqiqiy o‘zgarishlarga olib keladi. Asosiy maqsad — dunyoda ommalashgan atamalarni ko‘r-ko‘rona ko‘chirish emas, balki real imkoniyatlarni aniqlab, ularni sifatli tarzda hayotga tatbiq etishdir.


Muallifning fikri tahririyat fikriga mos kelmasligi mumkin.