O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi yana ko‘tarildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Regulyator Amerika valyutasining rasmiy kursini 12 349,87 so‘m etib belgiladi. Kun davomida kurs 35 so‘m 16 tiyinga oshdi.
17-sentabr kuni dollarning rasmiy kursi ketma-ket to‘rtinchi savdo kunida pasayib, 12 254,27 so‘mni tashkil etgandi. Bu 2023-yilning 3-noyabridan beri eng past ko‘rsatkichdir (12 254 so‘m).
Strategik islohotlar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov Spot bilan suhbatda mamlakatda dollar kursi bozorga xos emasligini qayd etdi.
“Agar bu kurs nimaga asoslanganiga eʼtibor qaratsak, eksportning 38%i oltin yetkazib berishdan kelmoqda. Demak, oltin sotilishi kursni ushlab turishga yo‘naltirilgan. Bu esa to‘liq bozor kursi emasligini anglatadi. Bu mamlakat oltin tushumlaridan valyuta kursini ushlab turish uchun faol foydalanayotganining bilvosita belgisidir”, — dedi u.
Abduqodirovning fikricha, bozordagi talab va taklif asosan oltin sotish hisobiga qoplanmoqda. Bu esa bozor usullari to‘liq qo‘llanilmayotganini ko‘rsatadi. U valyutalar almashuv kursida dollarning jahon bozoridagi xarid qobiliyati pasayishi aks etishini ta’kidladi. Biroq dollar boshqa valyutalarga nisbatan o‘zbek so‘miga qaraganda kuchliroq tushmoqda.
Bundan tashqari, u O‘zbekistonda dollar kursining pasayishi borasidagi xavotirlarini bildirdi. Abdulla Abduqodirovning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy va boshqa davlatlardan meva-sabzavot importi ichki ishlab chiqarishdan foydaliroq bo‘lib qolgan. U mamlakatga import uchun asosiy to‘siq valyuta kursi, undan keyin esa bojxona to‘lovlari bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Avvalroq Spot regulyator raisi Timur Ishmetov nominal almashuv kursi mustahkamlanganiga qaramay, real samarali kurs yil boshidan qariyb 4% ga qadrsizlanganini ma’lum qilgani haqida yozgandi.