Prezidentning 16-sentabrdagi qarori bilan Yevroosiyo taraqqiyot banki aksiyalarini xarid qilish jadvali tasdiqlandi.

O‘zbekiston bank ustav kapitalidagi har birining nominal qiymati $1000 bo‘lgan 777 777 ta aksiya paketini sotib oladi. Ulardan 168 411 ta aksiyaga (21,7%) haq to‘lanadi, qolgan qog‘ozlar talab qilinganda to‘lanadi.

To‘lovning umumiy miqdori $168,411 mln ni tashkil etadi. Dastlabki $10 mlnni qaror kuchga kirgandan bir hafta o‘tgach — 23-sentabrgacha, qolgan qismini esa 2026−2027-yillar davomida teng ulushlarda $79 205 500 dan to‘lash topshirildi.

Shuningdek, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi YOTB bilan hamkorlik doirasida munosabatlar bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi. Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev hamkorlik bo‘yicha muxtor vakil, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Xurram Teshaboyev esa uning o‘rinbosari etib tayinlandi.

Aprel oyida prezident tomonidan imzolangan qonun bilan O‘zbekistonning Yevroosiyo taraqqiyot bankini ta’sis etuvchi xalqaro bitimga qo‘shilishi tasdiqlandi. Hujjat bilan YOTB o‘z faoliyatini xalqaro shartnomalar, xalqaro huquq, umume’tirof etilgan bank faoliyati tamoyillari va me’yorlariga muvofiq amalga oshiradi.

Bank ishtirokchi davlatlarning iqtisodiyoti va moliyaviy bozorlari holati, ularning investitsiya imkoniyatlari, pul-kredit va valyuta munosabatlari, bank va valyutani tartibga solish sohasidagi qonunchilik normalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘playdi, tizimlashtirishi va tahlil qilib boradi.

Avvalroq deputatlar islomiy bankni joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda maʼqullagani haqida xabar berilgandi.