Rossiya prezidenti Vladimir Putin mehnat muhojirlari uchun patentlarni bekor qilish ehtimolini bildirdi. Bu haqda u 18-sentabr kuni Davlat Dumasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.
Davlat dumasidagi “Adolatli Rossiya — Vatanparvarlar — Haqiqat uchun” partiyasi fraksiyasi rahbari Sergey Mironov odamlar migratsiyadan shikoyat qilayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “bu muammo” barcha hududlarda ham emas, asosan Rossiyaning markaziy Yevropa qismida — ayniqsa Moskva va Sankt-Peterburgni o‘z ichiga olgan yirik shaharlarda keskin sezilmoqda.
Mironov mehnat faoliyati uchun patent tizimini bekor qilish tarafdori ekanini aytib, muhojirlarga boshqacha yondashuvni taklif qildi: chet eldan ishchi kuchini jalb qilish zaruratini tasdiqlash, ularning oilasiz kirishiga ruxsat berish, ish va haq to‘lashni ta’minlash, shundan so‘ng uyga qaytish.
Bundan tashqari, fraksiya rahbari migrant jinoyat sodir etsa, uning butun oilasini darhol Rossiyadan deportatsiya qilish bo‘yicha “kafillik tizimini” joriy etishni taklif qildi.
“Migrantlar uchun patent tizimini bekor qilish masalasini o‘ylab ko‘rish kerak. U keng qo‘llanilmoqda, men hech narsani inkor etmayman, hamkasblar bilan birgalikda ishlashni so‘rayman”, — dedi Putin.
Rossiya mehnat bozori taqchilligi sharoitida uzoq muddatli istiqbolda mehnat migratsiyasiga tayanishdan voz kechmoqda.
Kuni kecha Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov “keldi, ishladi, ketdi” tamoyiliga o‘tish haqida e’lon qilgandi. “Hammasi adolatli: boshqa mamlakatlardan kelishadi, pul topishadi, keyin o‘z yurtiga qaytishadi. Bizga bu yerda na oilalari kerak, na [maktablarda] kimnidir (Rossiya fuqarolaridan tashqari) o‘qitish majburiyati”, — dedi u.
Rossiya uchun asosiy vazifa sifatida Reshetnikov mehnat unumdorligini oshirishni ko‘rsatdi. Bungacha Rossiya Mehnat vazirligi 2026-yilgacha chet ellik ishchilar uchun kvotalarni keskin qisqartirishni taklif qilgandi.
Avvalroq Spot Buyuk Britaniya O‘zbekistondan kelgan mehnat muhojirlari uchun kvotalarni oshirishi haqida yozgan edi.
